O‘zbekiston | 19:14 / 26.01.2023
31765
5 daqiqa o‘qiladi

Navbat endi benzinga. AYoQShlarda navbatlar hosil bo‘lmoqda

AYoQShlarda avval bir haftada sotilgan benzin hozirgi kunlarda bir necha soatda sotib bo‘linyapti. Shoxobchalarning aksariyatida Ai-80 markali benzin yo‘q. Borlarida kilometrlab navbatlar hosil bo‘lgan.

Kun.uz muxbiri hududlarda bo‘lib, metan-shoxobchalar faoliyatiga cheklov ortidan yuzaga kelgan shu kabi holatlarni tasvirga oldi.

Shuningdek, eng ommabop benzin markasi AYoQShlarga nega yetib bormayotganiga bog‘liq savollar bilan “O‘zbekneftgaz” AJ “Maroqand neft bazasi” MChJ rahbari bilan suhbatlashdik.

Bugun qaysi AYoQShda AI-80 benzini sotilayotganini bilish uchun uncha bosh qotirish shart bo‘lmay qoldi. Agar siz qaysi shoxobchada adoqsiz mashinalar va navbatlarni ko‘rsangiz, bilingki, o‘sha joyda AI-80 bor.

Samarqand shahridagi “Dinora” MChJga endigina AI-80 markali benzin olib kelinganidan xabar topdik. Allaqachon yuzlab mashinalar navbatda turibdi. Shahar shifoxonasi yaqinidan o‘tgan bu ko‘cha shundoq ham tor va ta’mirtalab bo‘lgani uchun katta tirbandlik hosil bo‘lgan.

Shoxobcha mutasaddilarining aytishicha, 5 tonnadan ortiqroq AI-80 markali benzin olib kelingan va qisqa vaqt ichida 2 tonnadan ortig‘i sotib bo‘lingan. Bu miqdordagi benzin ko‘pi bilan uch soatda sotilib ketayotganini aytishdi. Bir mijozga ko‘pi bilan 20 litr benzin sotilyapti. Metanga cheklovlar qo‘yilmasidan oldin 5 tonna benzin sotilishi uchun bir haftagacha vaqt kerak bo‘lgan.

Navbatda turgan haydovchilarni suhbatga tortdik. Tabiiyki, bu jarayonlar, uzluksiz navbatda turish mijozlarni zada qilib qo‘ygan.

“Bir necha soat davomida kutib, endigina navbatim kelganda AI-80 tugab qoldi. Majbur bo‘lib qariyb ikki barobar qimmat bo‘lgan AI-92 sotib oldim, odamga juda alam qilarkan”, – deydi haydovchilardan biri.

“Shu paytgacha metan gazda yurganman. Taksichilik qilaman. Deyarli har kuni soatlab navbatda turyapman, ko‘pincha majbur bo‘lib qimmat narxdagi benzinni olishga to‘g‘ri kelyapti. Odamlar ham tushunyapti, yonilg‘ini qiyinchilik bilan olayotganimiz uchun mashinamizga o‘tirgan mijozlar narxga talashmay ham qoldi”, – deydi boshqa bir haydovchi.

Ko‘pchilik AYoQShlarda 20 litrdan ortiq benzin sotilmayotganidan norozi bo‘lmoqda. Shoxobcha egalari esa yonilg‘ini ko‘pchilikka yetkazish uchun shu yo‘ldan foydalanilayotganini bildirishdi.

Shaharning gavjum Rudakiy ko‘chasida joylashgan "Planeta Neft Gaz Invest" MChJda 25 yanvar kuni AI-80 markali benzin sotilmayotgandi. Shu sababli bu yerda katta navbat yo‘q. Shoxobcha direktori o‘rinbosari Ubaydulla Bo‘riyev bilan telefon orqali suhbatlashdik. U ayni vaqtda “Maroqand neft bazasi”dan qaytayotgani, bazada ham katta navbatlar yuzaga kelayotgani, ayni vaqtda birja orqali xarid qilingan AI-80 markali benzinni olib kelayotgani, benzin shoxobchaga yetib kelgan zahoti sotilishi, ushlab turilmasligini aytdi.

Past Darg‘om tumani “Chortut” MFYda joylashgan AYoQSh “Maroqand neft bazasi” MChJga qarashli bo‘lib, bu yerda 24 soat davomida AI-80 markali benzin sotilmoqda. Shu bilan birga, navbatning adog‘i ko‘rinmaydi. Biz bilan suhbatlashgan mijoz 4 soatdan beri (!) navbat kutayotgani, bir kun avval esa 8 soat navbatda turganini ma’lum qildi.

“Maroqand neft bazasi” MChJ direktori Jamshid Amirov vaziyatga izoh berdi.

Amirovga ko‘ra, viloyatdagi 150 ga yaqin metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatini to‘xtatgani sababli benzinga bo‘lgan talab nihoyatda ortib ketgan. Metan shoxobchalar yopilgunga qadar birja savdolari orqali kuniga 250-300 tonna benzin sotilgan bo‘lsa, hozirga kelib bu miqdor 1000 tonnagacha ko‘tarilgan. Viloyatda 200 dan ortiq AYoQSh mavjud bo‘lib, ularning har biri kuniga 5 tonnagacha AI-80 benzini xarid qilish imkoniyatiga ega.

Baza direktori birja savdolari barcha shoxobchalar uchun birdek ochiq bo‘lib, hech kimga afzallik berilmasligi, istalgan AYoQSh savdoda qatnashishi mumkinligini aytdi. Chekkaroq joylardagi shoxobchalarda arzon benzin sotilmayotganini esa o‘sha tadbirkorlarning dilerlari “yaxshi ishlamayotgani” bilan izohladi.

Jamshid Amirov “Maroqand neft bazasi” maksimal darajada ishlayotganini aytmoqda. Biroq hududlarda vaziyat tobora og‘irlashyapti. Demak, harakatlar yetarli emas. Bu muammoga hukumat darajasida e’tibor qaratilishi va albatta tezroq yechim topilishi lozim.

Isomiddin Po‘latov,
Faxriddin Hotamov,
Kun.uz

Mavzuga oid