O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani xabar berilgandi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti tuzilmasida 7 ta shtat birligidan iborat tarkibda aviatsiya tarmog‘ini isloh qilish masalalari bo‘yicha sektor tuziladi.

Uning zimmasiga quyidagilarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish siyosatini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish vazifalari yuklandi:

mahalliy va xorijiy tashuvchilarning milliy havo qatnovlari bozoriga kirish qoidalari;

aeroportlar infratuzilmasini va aeronavigatsion xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi;

davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur bo‘lgan subsidiyalanadigan aviayo‘nalishlarni tanlash siyosati;

aeroportlar xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtiroki va raqobat muhitini ta'minlashga doir mexanizmlar;

aeroportlarning aviatsiya va noaviatsiya xizmatlari narxlarini tartibga solish;

fuqaro aviatsiyasi sohasida iste'molchilar va atrof-muhitni himoya qilish chora-tadbirlari;

xalqaro aviatsiya tashuvlari sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularning shartlari bajarilishini ta'minlash chora-tadbirlari.