Navoiy viloyati Navbahor tumanining Paxtakor mahallasidagi 33-umumiy o‘rta ta'lim maktabining ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari 5 may kuni maktab o‘quvchilaridan birining onasi tomonidan kaltaklangan.

Janjal oqibatida jarohatlangan o‘qituvchi «tez yordam» mashinasida shifoxonaga olib ketilgan va hanuz davolanishda. Kun.uz voqeani joyiga borib o‘rgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, voqeaga 10-sinfda tahsil oluvchi o‘quvchi qiz maktabga formada kelmagani sabab bo‘lgan.

Bunga e'tiroz bildirgan direktor o‘rinbosari Dilbar Qodirova qizning onasi tomonidan o‘quvchi va o‘qituvchilar oldida kaltaklangan.

«5 may kuni ish jarayonida edim. Maktabning 10-sinfida tahsil oluvchi o‘quvchining onasi keldi. Qizi bo‘yicha gaplashib olish uchun direktor xonasiga kiritdik. Men direktor xonasiga kirmadim, o‘z ishim bilan band bo‘ldim.

Shu orada o‘quvchining o‘zi ham direktor xonasiga kirib, o‘qituvchilar haqida haqoratomuz gaplarni gapirgan. Ona «Nega mening qizimga yopishib oldinglar, hammangga ko‘rsataman», deya zalga chiqib, menga yopisha ketdi. Sochimdan tortib, direktor xonasiga sudrab kirdi. Yerga yiqitib, urdi. Shovqinni eshitib, o‘qituvchilar kelishdi. 5-6 nafar o‘qituvchi ham ajrata olishmadi. Men o‘zimni himoya qilolmay qoldim.

O‘quvchining yaqinlari kelib, jamoat joyida, o‘quvchilar ko‘z oldida o‘qituvchini shunchalik oyoqosti qilib tashlashi mumkinmi?! O‘qituvchining hurmati qayerda qolyapti?!

Biz o‘quvchining ma'naviyati bo‘yicha o‘zimizga qo‘yilgan talablar asosida ishimizni bajaramiz. Buni noto‘g‘ri tushungan ota yo ona maktabga kelib, o‘qituvchiga zo‘ravonlik qilib, uni urib, yer bilan bitta qilib ketyapti. Maktab shunchalar bedarvoza bo‘lib qoldimi, o‘qituvchini zo‘ravonlardan kim himoya qilishi kerak?!

Bu oila tomonidan bunday zo‘ravonlik birinchi marta sodir etilishi emas. Avvalroq qizning akasi ham maktabga kelib, o‘quvchilardan birini urib ketgan edi. «Maktabning ichki masalasi, chetga chiqarmaylik», deya indamay qo‘ygan edik. Endi o‘zim ham ularning nishoniga aylanib o‘tiribman», — dedi Dilbar Qodirova.

Jabrlanuvchi Dilbar Qodirova, 33-maktab direktori o‘rinbosari