O‘zbekiston | 19:10 / 09.01.2022
83447
21 daqiqa o‘qiladi

Mustafoyevdan Yo‘ldoshevgacha. O‘zbekistonning olti bosh prokurori haqida

8 yanvar kuni O‘zbekiston prokuraturasi tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi. O‘tgan vaqt davomida o‘zbekistonliklar 6 nafar bosh prokuror faoliyatiga guvoh bo‘lishdi. Bugungi kunda ushbu lavozimni egallab turgan Nig‘matilla Yo‘ldoshevgacha ishlagan besh nafar bosh prokurorning faqat ikkisi nomiga dog‘ tushirmay kursisini tark eta olgan, xolos. Bular: Bo‘ritosh Mustafoyev (1992—1998) hamda Usmon Xudoyqulov (1998—2000).

Ulardan keyingi 3 nafar bosh prokuror faoliyati davomida sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan. Jumladan, Rashid Qodirov (2000—2015) va Ixtiyor Abdullayev (2015—2018 yillarda Bosh prokuror, 2018—2019 yillarda Davlat xavfsizlik xizmati raisi. U DXX rahbarligidan ketgach qo‘lga olingandi) hozir ham qamoqda jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lsa, Otabek Murodov (2018—2019) sud tomonidan uy qamog‘iga hukm qilingan.

O‘zbekiston prokuraturasi tarixi, mamlakat hali rasman mustaqil bo‘lmay turib, prokuratura organlari qay tarzda SSSR bosh prokuraturasiga tobelikdan qutulgani haqida hikoya qilishga qaror qildik. Shuningdek, ko‘rsatuv davomida O‘zbekiston bosh prokurorlarining siyosiy portretlarini ham gavdalantirishga harakat qilamiz. Zero, bu ma’lumotlarni har bir o‘zbekistonlik bilishi, prokuratura tizimida faoliyat yuritayotgan shaxslar esa avvalgilarning xatolaridan tegishli xulosa chiqarishi lozim deb hisoblaymiz.

O‘zbekistonda prezidentlik lavozimi mamlakat hali sovetlar ittifoqi tarkibida bo‘lgan 90-yillardayoq joriy etilgandi. O‘sha kezlarda respublika prokuratura organlarini sovet ittifoqi ta’siridan qutqarish uchun amaliy harakatlar boshlanadi.

Mahkama tarixi

1990 yilning 1 noyabr kuni qabul qilingan qonun bilan O‘zSSR Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, O‘zbekiston Bosh prokurori faqat mamlakat parlamenti va prezident oldida hisobdor hamda javobgar ekani belgilab qo‘yiladi. Shuningdek, Bosh prokuror hamda uning o‘rinbosarlari ilgarigiday SSSR Bosh prokurori tomonidan emas, balki O‘zbekiston prezidenti taqdimnomasiga binoan mamlakat parlamenti tomonidan tayinlanishi joriy etiladi. O‘zSSR Oliy Soveti qarori bilan 1990 yilning 1 noyabr kuni Bo‘ritosh Mustafoyev O‘zSSR prokurori etib tayinlanadi.

Ilgari viloyat, tuman va shahar prokurorlarini tayinlash uchun ham SSSR prokuraturasi roziligi talab qilingan bo‘lsa, qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishdan so‘ng bu masalalar O‘zbekiston bosh prokurori vakolatiga o‘tkaziladi. Nihoyat, O‘zbekistondagi prokuratura xodimlarining to‘liq mustaqilligi, bundan buyon SSSR prokuraturasiga bo‘ysunmasligi rasman e’lon qilinadi.

Bo‘ritosh Mustafoyev

Prokuratura tizimida uzoq yillar xizmat qilgan, uch bosh prokuror davrida ishlagan Kun.uz manbasi Bo‘ritosh Mustafoyevga o‘rinbosar etib tayinlangan, bugungi kunda Bosh prokuratura akademiyasida dars berayotgan Faxri Haydarovich Rahimov tomonidan SSSR bosh prokuroriga yuborilgan telegrammani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytadi. Uning hikoya qilishicha, telegrammada shunday deyilgan:

«Bugundan O‘zbekiston SSR prokuraturasi Sovet sotsialistik respublikalari ittifoqidan mustaqil deb e’lon qilinadi».

Tabiiyki, Moskvadagi katta og‘alarga bu ishlar yoqmaydi. SSSR prokuraturasi rahbariyati o‘zbekistonlik hamkasblariga nisbatan ochiqdan ochiq adovatli munosabatda bo‘lishadi, barchasini kuch bilan yana avvalgi holatga qaytarish uchun zo‘r berib harakat qilishadi.

1991 yilning avgustida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonun hamda mazkur hujjat asosida qabul qilingan O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekiston respublikasi prokuraturasi organlari to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimiz prokuraturasining sovet ittifoqi bosh prokuraturasiga tobelikdan xalos bo‘lishini ta’minlaydi.

1992 yil 8 yanvardagi prezident farmoni bilan sobiq ittifoq qaramog‘idagi O‘zbekiston SSR prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasiga aylantiriladi. Aynan ana shu sana, ya’ni 1992 yil 8 yanvar O‘zbekiston prokuraturasi tashkil etilgan kundir. Biroq ushbu sana faqat 2016 yilga kelibgina O‘zbekistonda rasman prokuratura organlari xodimlari kuni sifatida belgilandi.

Dastlab shunchaki O‘zbekiston prokuraturasi deb yuritilgan idora 2001 yil 29 avgustda «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilingach, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga aylantiriladi.

O‘zbekiston bosh prokurori kursisida eng ko‘p o‘tirgan shaxs Rashid Qodirovdir. U 15 yildan oshiqroq vaqt davomida ushbu lavozimda bo‘lgan. Eng kam bosh prokurorlik qilgan shaxs esa Usmon Xudoyqulov hisoblanadi. U 1 yilu 57 kun davomida mazkur vazifada faoliyat yuritgan. Qizig‘i, 1991 yildan 2015 yilgacha, ya’ni 24 yil davomida bosh prokuror atigi uch marta almashgan bo‘lsa, 2015 yildan 2019 yilgacha – 4 yil ichida 3 marta bosh prokuror tayinlangan.

Bo‘ritosh Mustafoyev. Bosh prokuratura hay’at yig‘ilishida, 1998 yil

Eng yosh bosh prokuror

1949 yilda tug‘ilgan Bo‘ritosh Mustafoyev mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk bosh prokuror bo‘lgani haqida so‘zimiz avvalida aytib o‘tdik. Mehnat faoliyatini Samarqand viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori lavozimidan boshlagan Mustafoyev 1990 yilda O‘zbekiston Respublikasi prokurori, 1993 yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlangan. O‘sha paytda u 41 yoshda bo‘lgan. U 1998 yili prezidentning Davlat maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlanishi munosabati bilan mamlakat bosh prokurori lavozimidan ozod etiladi.

Bo‘ritosh Mustafoyevni tizimdagilar haligacha hurmat bilan yodga olishadi. Zamondoshlarining fikricha, u odil va qattiqqo‘l rahbar, o‘z prinsiplariga ega shaxs bo‘lgan. O‘zidan keyingi bosh prokurorlardan farqli o‘laroq, kibrga berilmagani, xodimlar bilan munosabatda kamtar bo‘lgani, masofa saqlamagani aytiladi. Bosh prokurorlik kursisidagi 8 yildan sal ko‘proq faoliyati davomida oddiy xodimlar bilan birga idora oshxonasida tushlik qilgani uning insoniylik qiyofasini yo‘qotmaganining belgisi sifatida eslanadi. Aytishlaricha, u mansabdalik davrida qarindosh-urug‘chilikdan tiyilgani bilan ham mamlakat rahbariyatining hurmatiga sazovor bo‘lgan.

Bo‘ritosh Mustafoyev

To‘g‘ri, internetda Mustafoyev shaxsi bilan bog‘liq salbiy ma’lumotlar ham uchraydi. Jumladan, ayrimlar uning birinchi prezident Islom Karimovning qatag‘on mashinasi bo‘lganini aytadi. Masalaning bu jihati bizga qorong‘i bo‘lgani uchun asl haqiqatni yuzaga chiqarishni tarixchilar hukmiga havola etamiz. Hozircha fakt shuki, Bo‘ritosh Mustafoyev bosh prokurorlikdan ketgach, sudga tortilmagan ikki odamning biridir. U 2017 yil 12 aprel kuni 68 yoshida og‘ir xastalikdan vafot etgan.

Usmon Xudoyqulov

Eng sirli bosh prokuror

Usmon Xudoyqulov O‘zbekiston tarixidagi eng sirli bosh prokuror hisoblanadi. Bunday deyishga sabab uning shaxsiga oid ma’lumotlarni internetdagi ochiq manbalar tugul u bosh prokuror bo‘lgan vaqtdagi matbuot nashrlaridan ham topib bo‘lmadi.

Odatda bosh prokuror darajasidagi mansabdorlar lavozimga tayinlanganda bu haqdagi prezident farmoni bilan bir qatorda uning tarjimai holi ham e’lon qilinadi. Biroq Usmon Xudoyqulov bilan bunday bo‘lmagan.

Ayrim manbalarda keltirilishicha, Usmon Xudoyqulov 1954 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Bosh prokuror etib tayinlanguniga qadar u prezidentning sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan, biroq necha yil davomida prezidentga maslahatchilik qilgani, undan oldin qaysi idoralarda ishlagani haqida ma’lumot yo‘q. Faqatgina 1995, 1996, 1998 yillarga oid hujjatlarda uning lavozimi O‘zbekiston bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari sifatida ko‘rsatiladi.

Usmon Xudoyqulov. Bosh prokuratura hay’at yig‘ilishida, 1999 yil

1998 yilning 23 dekabrida, 44 yoshida bosh prokuror etib tayinlangan Usmon Xudoyqulov 2000 yilning 18 fevralida ishdan olingan. Ayrimlar uning ishdan olinishini 1999 yili Toshkentda sodir bo‘lgan 16 fevral voqealaridan so‘ng Islom Karimovning qahriga uchragani bilan izohlasa, ba’zilar korrupsiyaga qarshi keng miqyosli urush e’lon qilgani ortidan qudratli klanlar ta’sirida o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod qilinganini aytadi.

Kun.uz suhbatdoshining ta’kidlashicha, Xudoyqulov bosh prokuror bo‘lgan davrda chindan ham juda ko‘plab amaldorlar korrupsiyada ayblanib, qamoqqa tashlangan, prokuratura tizimida keng ko‘lamli tozalash o‘tkazilib, yuzlab prokurorlar attestatsiyadan o‘tolmay haydalgan, ularning o‘rniga oddiy oilalardan chiqqan, hech qanday «tanka»si bo‘lmagan yigit-qizlar ishga olingan. Internetda qoldirilgan izohlardan birida esa Usmon Chinozovich prezident maslahatchisi bo‘lgan davridayoq korrupsion sxemaning boshida turgani, har bir tayinlov uchun 50 ming dollardan olgani, biroq jinoiy javobgarlikka tortilmasdan, imi-jimida bosh prokurorlikdan ketkazilgani iddao qilinadi.

Bugungi kunda Usmon Xudoyqulov «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining yuridik boshqarmasida ishlayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Rashid Qodirov

Lavozimda eng uzoq o‘tirgan bosh prokuror

O‘zbekistonning uchinchi bosh prokurori Rashid Qodirov 1952 yilning 23 fevralida o‘sha paytda Namangan viloyatiga qarashli bo‘lgan Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan viloyat prokuraturasida boshlagan. U 80-yillarda Davlat xavfsizligi qo‘mitasida ishlagan.

1991-1994-yillarda MXX raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. O‘sha paytlari davlat tashkilotlarida «idoradan chiqqan» o‘rinbosarlari bo‘lishi odat tusiga kirgandi. Natijada Qodirov 1994 yilda bosh prokurorning o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan va O‘zbekistonda ro‘y bergan bir necha teraktlarni tergov qilishga bosh-qosh bo‘lgan, O‘zbekiston nomidan chiqarilgan aybnomalar aynan Qodirov boshchiligida tayyorlangan.

2000 yil fevralida,48 yoshida bosh prokurorlik kursisini egallagan Qodirov 2005 va 2010 yillarda lavozimiga qayta tayinlangan. Shu tariqa, u bosh prokuror sifatida 15 yildan ortiq, bosh prokurorga o‘rinbosarlik qilgan 6 yil ham qo‘shilsa, 21 yildan ziyod vaqt davomida prokuratura organlari rahbariyatida bo‘lgan.

2015 yili ko‘pchilik uning navbatdagi muddatga bosh prokuror bo‘lishiga ishonib turgan vaqtda kutilmaganda ishdan chetlashtiriladi. O‘sha paytda 63 yoshni qoralagan Qodirov mehnat ta’tilida bo‘lgani, ta’tildan zudlik bilan prezident devoniga chaqirtirilgani va o‘z ixtiëri bilan ishdan ketish to‘g‘risida arizasi ëzdirib olingani aytiladi.

Shundan so‘ng Konstitutsiyaviy sud a’zosi etib tayinlangan sobiq bosh prokuror 2017 yilgacha ushbu lavozimda ishlagan. Oliy Majlis Senatining 2017 yil avgustidagi yalpi majlisida Konstitutsiyaviy sud a’zolari qayta tayinlanganda, Rashidjon Qodirov ushbu lavozimdan mahrum bo‘lgandi.

2017 yilning 2 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev prokurorlarni qattiq tanqid qilgan, prokuratura tizimi izdan chiqib ketgani, korrupsiya botqog‘iga botgani, prokurorlarning odamlarni mensimay qo‘ygani, oyog‘i yerdan uzilganini aytib o‘tgan, garchi Rashid Qodirov nomini tilga olmasa-da, bularning barchasida avvalgi bosh prokurorni ayblagandi.

Rashid Qodirov

2018 yil 23 fevralda esa u pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblanib, hibsga olingandi. Xabar.uz’ning yozishicha, Rashid Qodirov xorijga uchib ketmoqchi bo‘lganida Toshkent aeroportida ushlangan. Keyinchalik «Qodirov ishi» doirasida uning sobiq o‘rinbosarlari, Toshkent viloyatining sobiq prokurori, jami 21 kishi qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi.

Sud tomonidan Qodirovga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangandi. Shuningdek, sud uni barcha unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilgan. O‘zbekistondagi kuch tuzilmalarining yuqori lavozimli mansabdorlari va yuqori doiralardagi klanlar bilan quda-andachilik aloqalari bilan chatishib ketgan Rashidjon Qodirov O‘zbekiston tarixidagi jinoiy javobgarlikka tortilgan dastlabki bosh prokuror bo‘lgandi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra,sobiq bosh prokuror o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov va Ulug‘bek Xurramov, shuningdek, sobiq MXX katta zobiti Javdat Sharifxo‘jayev bilan birga huquqni muhofaza qilish organlarining sobiq xodimlari uchun mo‘ljallangan qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan sobiq bosh prokuror tikuv sexida ishlamoqda.

Ixtiyor Abdullayev

O‘zbekiston tarixidagi eng yoshi katta bosh prokuror

2006 yildan buyon prezidentga maslahatchilik qilib kelgan Ixtiyor Abdullayev 2015 yilning aprelida, 49 yoshida bosh prokuror lavozimiga tayinlangan edi.

1966 yil Farg‘onada tug‘ilgan Abdullayev adliya va sud organlarida suyagi qotgan, 1997 yilda prezident devoniga ishga o‘tib, prezident davlat maslahatchisi lavozimigacha ko‘tarilgan, 2010–2015 yillarda esa Senat a’zoligiga saylangan.

Bosh prokuror bo‘lib ikki yildan sal ko‘proq ishlagan Abdullayev 2018 yil yanvarida Milliy xavfsizlik xizmatining 23 yillik rahbari — Rustam Inoyatov o‘rniga xizmat negizida tashkil etilgan yangi tuzilma — Davlat xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlangandi, shu munosabat bilan u O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimidan ozod etilgan edi. 2019 yil fevralida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab DXX rahbarligidan ketgani e’lon qilindi.

Ixtiyor Abdullayev

Oradan bir necha oy o‘tganidan so‘ng Ixtiyor Abdullayevga nisbatan jinoyat ishi ochilgani ma’lum bo‘ldi. 2019 yil 27 sentyabrda O‘zbekiston Harbiy sudi Ixtiyor Abdullayevni jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, jinoyatlar majmui tariqasida unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

 

Otabek Murodov Foto: Kun.uz

Ko‘p narsa kutilgan bosh prokuror

Prezident rahbarligida 2018 yil 31 yanvar kuni MXX hamda prokuratura organlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ixtiyor Abdullayev o‘rniga prezidentning davlat maslahatchisi Otabek Murodov respublikaning yangi bosh prokurori etib tayinlangan.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidan bo‘lgan Murodov bosh prokurorlikka kirishgan paytda hali 43 yoshga to‘lmagandi. Shu tariqa, u Bo‘ritosh Mustafoyevdan keyin ushbu lavozimga tayinlangan ikkinchi eng yosh bosh prokurorga aylandi. Matbuotda uning bosh prokurorlikka tayinlanishiga katta umid bildirilgan maqolalar chop etilgan, aynan Otabek Murodov davrida Bosh prokuratura matbuot xizmati ochiqlik va shaffofligi bilan barchaga o‘rnak bo‘lgandi.

Faoliyatini 1997 yilda Shahrisabz tumani prokuraturasida ish o‘rganuvchilikdan boshlagan Murodov tuman prokuraturasida tergovchi, viloyat prokuraturasining jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi, Bosh prokuraturaning jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi, katta tergovchisi, tumani prokurori, Bosh  prokuratura organlarida tergovni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, prezident devonining yetakchi va bosh inspektori, adliya vaziri o‘rinbosari, prezident huzuridagi sudyalarni tanlash va lavozimga tavsiya etish bo‘yicha Oliy malaka komissiyasining raisi, prezident davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

Otabek Murodov

2019 yilning 20 iyun kuni Otabek Murodov Bosh prokurorlikdan chetlatilgan, keyinchalik unga nisbatan jinoiy ish ochilgani, u DXXning sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning sobiq birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamovga qarshi ochilgan jinoyat ishi doirasida tergov qilinayotgani ma’lum bo‘lgandi. Sud tomonidan sodir etgan jinoyatlari uchun chin ko‘ngildan pushaymon ekanligi va jinoiy qilmishlarni fosh qilishda faol yordam bergani hamda jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘la qoplagani, oilaviy ahvoli e’tiborga olinib, Otabek Murodov 5 yil muddatga uy qamog‘iga hukm qilingan.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Eng ehtiyotkor bosh prokuror

1962 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1987 yildan 2011 yilgacha prokuratura tizimida turli lavozimlarda ishlagan, keyinroq Senat raisi bo‘lgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev 2019 yilning 20 iyun kuni Konstitutsiyaning 93-moddasi 12-bandiga muvofiq Murodovning o‘rniga O‘zbekiston Bosh prokurori etib tayinlangan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senatning 20-yalpi majlisidagi chiqishida «Bunaqa ketishda bo‘lsa, prokuratura tizimini mutlaqo qisqartirib yuboraman, ko‘proq vakolatni Adliya tizimiga beraman», deb aytgandi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Bosh prokuraturaga kelgach, tozalash ishlari boshlangan, xususan, bir qator boshqarma va inspeksiya boshliqlari, viloyat prokurorlari ishdan olinib, ularning o‘rniga yangilari tayinlangan edi. Biroq ushbu «tozalash»lar kutilgan samarani bermaganini tizimda hamon kuzatilayotgan korrupsiya holatlari ham tasdiqlab turibdi (1, 2, 3, 4).

2020 yili prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura organlarini xalq prokuraturasiga aylantirish, avvalo, tizimda ochiqlik va shaffoflikni to‘la ta’minlash asosiy vazifa etib belgilanganini ta’kidlagandi.

Biroq, oradan o‘n kun o‘tib, 18 yanvar kuni Bosh prokuror rahbarligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishiga ham, 29 iyun kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisiga ham mustaqil OAV vakillari taklif etilmagandi. 2019 yilning 18 dekabr kuni parlament saylovi bilan tashkil etilgan ochiq muloqotdan so‘ng Kun.uz muxbirining intervyu berish haqidagi iltimosiga javoban o‘zining o‘rniga o‘rinbosari Svetlana Ortiqovadan intervyu olishni tavsiya qilgandi. Nozik mavzular va qaltis savollardan ham o‘zini ehtiyotlaydigan bosh prokuror qo‘l ostidagilarga ochiq bo‘lishni tavsiya etish barobarida o‘zi bunga amal qilmasligi eng kamida bunday darajadagi lavozim egasiga yarashadigan ish emas, nazarimizda.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Foto: Kun.uz

O‘zbekiston tarixidagi oltinchi bosh prokuror eng ehtiyotkor bosh prokuror deyish mumkin. Tizim xodimlari Nig‘matulla Yo‘ldoshevni mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng ehtiyotkor bosh prokuror ekanini aytishadi. O‘ta ehtiyotkorligining kasriga Nig‘matilla Yo‘ldoshev haligacha prezident ishonchini, hurmatini qozona olgani yo‘q.

2021 yil 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev bosh prokurorga «qachon katta-katta hokimlarni jinoiy javobgarlikka tortishni boshlasa, shundagina hurmat qila boshlashi»ni aytgandi. Nig‘matilla Yo‘ldoshev davlat rahbarining ishonchini qozona oladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga oid