Jahon | 15:58 / 20.08.2020
27948
11 daqiqa o‘qiladi

Belarusda «vagnerchilar»ning qo‘lga olinishi: Rossiyaning maxsus operatsiyasimi yoki Ukrainaning?

Rossiya OAVning fikricha, Ukraina maxsus xizmatlari Belarusda Vagner xususiy harbiy kompaniyasi jangchilarining qo‘lga olinishiga aloqador hisoblanadi. Kiyev esa Rossiyani ayblamoqda. DW ushbu mojaro atrofidagi taxminlarni jamladi.

Foto: AP

"Yaxshi o‘ylangan va rejalashtirilgan dezinformatsiya kampaniyasi". Ukraina prezidenti ofisi  rahbari Andrey Yermak Belarusda Vagner xususiy harbiy kompaniyasi jangarilarining paydo bo‘lishi va qo‘lga olinishiga Ukraina maxsus xizmatlari aloqador ekanligi to‘g‘risidagi xabarga ana shunday izoh berdi.

Yermakning izohi 19 avgust kuni, go‘yoki Ukraina maxsus xizmatlarining maxsus operatsiyasi to‘g‘risidagi xabar tarqalganidan deyarli ikki hafta o‘tgach paydo bo‘ldi. Ikki hafta ichida ushbu xabar tafsilotlar bilan boyidi. Yermakning bayonotiga e'tibor tasodifiy emas, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, aynan prezident ofisidan axborot "sizib chiqishi" maxsus operatsiyaning muvaffaqiyatli amalga oshishi va jangarilarning Ukraina hududida qo‘lga olinishini barbod qilgan.

"Terrorchilar"ning ozod qilinishi: Minsk 180 darajaga o‘zgardi

Belarus hukumati Vagner xususiy harbiy kompaniyasining 33 nafar a'zosi qo‘lga olingani haqida 29 iyulda, mamlakatda prezident saylovi o‘tkazilishidan bir oz oldin ma'lum qilgandi. Bir qismi ilgari Donbassdagi harbiy harakatlarda qatnashgan bu shaxslarga nisbatan terakt tayyorlash bo‘yicha darhol jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko esa yollanma jangchilar "Belarusga maxsus topshiriq bilan kelishgani haqida hamma narsani aytib berishganini" ta'kidladi. 

Foto: DPA

5 avgust kuni Lukashenko Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotida "vagnerchilar"ni Ukrainaga ekstraditsiya qilish borasida hamkorlik qilishga va'da berdi, 12 avgust kuni esa Ukraina bosh prokuraturasi qo‘lga olingan 33 kishidan 28 nafarini Ukrainaga topshirish to‘g‘risida Belarusga so‘rov yo‘lladi. Ukrainaning aniqlashicha, bu shaxslar "Donetsk va Lugansk oblastlari hududida "LNR" va "DNR" terrorchi tashkilotlari tarkibida jangovar harakatlarda faol ishtirok etishgan". Ammo 14 avgust kuni Ukraina uchun kutilmaganda qo‘lga olinganlarning barchasi Rossiyaga topshirilishi haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. Bu Kiyevning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Rossiyaning versiyasi – Kiyevning maxsus operatsiyasi

Belarusda "vagnerchilar"ning qo‘lga olinishi Ukraina maxsus xizmatlarining maxsus operatsiyasi natijasi ekanligi haqida birinchi bo‘lib 6 avgust kuni Rossiyaning "Komsomolskaya pravda" nashri yozdi. Nashrning Rossiya maxsus xizmatlaridagi manbalariga tayanib yozishicha, Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) agenti "Vagner" kompaniyasining sobiq jangchilariga Suriya va Venesueladagi neft obektlarida Rossiyaning "Rosneft" kompaniyasi manfaati uchun ishlashni taklif qilgan. Ularni o‘ziga og‘dirish vaqtida o‘zini "Sergey Petrovich" deb tanishtirgan UXX agenti sobiq yollanma jangchilardan birinchi navbatda ularning Donbassdagi jangovar tajribasi haqida so‘ragan.

Nashr voqealar rivojini "vagnerchilar"ning 29 iyulda sanatoriyda qo‘lga olinishigacha – xususan, jangchilar uchun Ukraina turistik firmalari orqali sotib olingan aviachiptalardan tortib maxsus operatsiyani tashkil etishda qatnashgan shaxslarning ism-sharifigacha batafsil keltirgan. Nashrning taxminicha, qo‘lga olishga tayyorgarlik chog‘ida Belarus maxsus xizmatlari "ukrainalik hamkasblaridan "diversantlar" kirib kelgani to‘g‘risida ma'lumot olgach, ular bilan yaqin  aloqada bo‘lib turgan". Nashr o‘z taxminini tasdiqlash uchun Rossiya maxsus xizmatining o‘zini tanishtirmagan xodimi bilan bo‘lgan intervyuni joylashtirgan. 

"Barbod bo‘lgan operatsiya"

Rossiya OAVning yozishicha, rossiyalik yollanma jangchilarning Belarus maxsus xizmatlari tomonidan Minskda qo‘lga olinishi "Ukraina maxsus operatsiyasi"ning yakuniy nuqtasi bo‘lishi kerak edi. "Komsomolskaya pravda"ning taxminiga ko‘ra, bu Rossiya-Belarus munosabatlariga zarba berishi kerak bo‘lgan.

Foto: AP

Tez orada bu taxmin Ukraina Telegram-kanallarida davom ettirildi. Ularning yozishicha, aslida maxsus operatsiyada jangarilarning Ukraina hududida qo‘lga olinishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun Minskdan Istanbulga parvoz qilgan tranzit reys Ukrainada favqulodda qo‘nishni amalga oshirishi, Ukraina maxsus xizmatlari o‘zlarini qiziqtirgan "yo‘lovchilar"ni qo‘lga olishi rejalashtirilgan. Ammo maxsus operatsiya to‘g‘risidagi ma'lumot Ukraina prezidenti ofisidan Rossiya maxsus xizmatlariga yetkazilishi oqibatida reja barbod bo‘lgan.

Hukumatning eng yuqorisidagi xoinlikmi?

Keyinroq ukrainalik qator siyosatchi va jurnalistlar bu taxminni ushlab olishdi. Jumladan, 18 avgust kuni ukrainalik taniqli jurnalist, "Tsenzor.net" nashri bosh muharriri Yuriy Butusov o‘zining Facebook sahifasida voqealar xronologiyasini joylashtirdi va buni "hukumatning eng yuqorisidagi xoinlik" deb atadi.

Uning ma'lumot berishicha, 24 iyul kuni – Minskdan Istanbulga samolyot parvoz qilishi arafasida prezident ofisida bu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Ukraina mudofaa vazirligining razvedka bosh boshqarmasi (UMV RBB) boshlig‘i Vasiliy Burba va UXX raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Baranetskiy prezident Zelenskiyga maxsus operatsiyaning yakuniy qismi o‘tkazilishi to‘g‘risida ma'lumot bergan. Butusovning yozishicha, yig‘ilishda shuningdek, Andrey Yermak, Ukraina milliy  xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari va razvedka bo‘yicha qo‘mita raisi Ruslan Demchenko, prezident ofisi raisining mudofaa masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Roman Mashovets va prezident kotibi  Mariya Levchenko qatnashgan.

"Tsenzor.net" manbalarining ma'lumot berishicha, yig‘ilishda Andrey Yermak operatsiyani ortga surish kerakligini aytgan. U ayni paytda Rossiya prezidenti yordamchisi Dmitriy Kozak bilan muzokaralar olib borilayotgani va jangchilarning qo‘lga olinishi 27 iyuldan Donbassda navbatdagi sulh boshlanishiga xalaqit berishi mumkinligini iddao qilgan. Maxsus xizmatlarning e'tirozlariga qaramasdan, "Zelenskiy Yermakni qo‘llab-quvvatlagan hamda UXX va razvedka bosh boshqarmasiga terrorchilarni qo‘lga olishni to‘xtatib turish, operatsiya o‘tkazishni Moskva bilan muloqot qilish qulay bo‘lishi uchun 30 iyulga ko‘chirishni buyurgan". Oqibatda 33 yollanma jangchi 25 iyul kuni Minsk-Istanbul yo‘nalishidagi samolyotga chiqmagan, ularning parvozi 30 iyulga qoldirilgan. 29 iyul kuni esa "vagnerchilar" qo‘lga olindi.

Foto: Sputnik

Jurnalistning yozishicha, bu voqealardan keyin, 3 avgust kuni prezident ofisida xuddi o‘sha shaxslar ishtirokida yana bir yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Vasiliy Burba operatsiya xoinlik sababli barbod bo‘lganini aytgan va barchani – o‘zi, Yermak, Demchenko va Mashovetslarni polgirafda tekshiruvdan o‘tkazishni talab qilgan. 5 avgust kuni Zelenskiy Burbani lavozimidan ozod qildi, maxsus operatsiyaning barbod bo‘lishi borasida surishtiruv esa boshlanmadi, deb ta'kidlaydi Butusov.

"Terrorchilarni qo‘lga olishning barbod bo‘lishiga ularning parvoz muddati o‘zgarishi sabab bo‘ldi. Qaror prezident ofisi rahbari Yermak tomonidan qabul qilindi va prezident Zelenskiy tomonidan ma'qullandi. Yermakning operatsiyani barbod qilishdan maqsadi ma'lum - Yermak Putinning yordamchisi Kozak bilan munosabatlari yomonlashishini xohlamaydi", - deya xulosa qiladi jurnalist.

Keyinroq o‘sha kuni ukrainalik jurnalist Yanina Sokolova o‘zining YouTube-kanalida go‘yoki o‘zini "Sergey Petrovich" deb tanishtirgan UXX xodimi rossiyalik jangchilardan ularning Donbassdagi jangovar tajribasi haqida batafsil so‘rab, ularni og‘dirayotgani aks etgan audioyozuvni joylashtirdi. "Komsomolskaya pravda" ham aynan "Sergey Petrovich" haqida yozgandi.

Yermak va UXXning raddiyasi

19 avgust kuni Andrey Yermak bu taxminni rad etdi.

"Rossiyalik yollanma jangarilarning Belarusda paydo bo‘lishida Ukraina maxsus xizmatlari ishtirok etganligi haqidagi ma'lumot Rossiya OAVda, 6 avgustda aynan Rossiyaning "Komsomolskaya pravda" nashrida paydo bo‘ldi. Bu yaxshi o‘ylangan va rejalashtirilgan dezinformatsiya kampaniyasi ekanligi ko‘rinib turibdi", - dedi Yermak lb.ua nashriga.

Shundan keyin UXX ham "vagnerchilar maxsus operatsiyasida UXXning ishtirok etgani to‘g‘risidagi ma'lumot oddiy feyk" ekanligini bildirib, ushbu xabarlarni qat'iyan inkor etdi. Maxsus xizmatning ta'kidlashicha, e'lon qilingan audioyozuvdagi suhbatda xizmatning hech bir xodimi qatnashmagan.

Ukraina razvedkasining versiyasi: Rossiyaning maxsus operatsiyasi 

O‘z navbatida, Vasiliy Burbaning o‘rniga razvedka bosh boshqarmasi rahbari etib tayinlangan Kirill Budanov Belarusda "vagnerchilar"ning qo‘lga olinishi Rossiya maxsus xizmatlarining maxsus operatsiya ekanligini ta'kidladi.

"Yetarlicha dalillar bu Rossiya maxsus xizmatlarining maxsus operatsiyasi ekanligini tasdiqlamoqda", - dedi u  18 avgust kuni "Ukrinform" agentligiga bergan intervyusida.

"Bu "sodda" jangarilarni aldab Minskka keltirish mumkinligi haqidagi cho‘pchakka faqat hech narsadan xabari yo‘q odamgina ishonishi mumkin", - dedi u.

"Xususiy" deb nomlanadigan barcha harbiy kompaniyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya kuch ishlatish tuzilmalariga bo‘ysungan holda ishlaydi va hech qachon ularning ruxsatisiz yoki yo‘l-yo‘rig‘isiz harakat qilmaydi. Hattoki "xususiy" buyurtmalar bo‘lgan chog‘da ham", - dedi Ukraina mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i.

Chorshanba kuni Ukraina tashqi razvedka xizmati (TRX) ham shunga o‘xshash bayonot berdi. Qayd etilishicha, "Vagner guruhi Belarusda" deb nomlangan maxsus axborot operatsiyasi Rossiyaga borib taqaladi". TRXning ma'lumot berishicha, uning vazifasi prezident saylovi arafasida va saylov vaqtida Belarusdagi vaziyatni beqarorlashtirish, Ukraina maxsus xizmatlarini Belarus hududida operatsiya tashkil qilish va o‘tkazishga aloqadorlikda ayblash va oxir-oqibat Ukrainani xalqaro janjalga tortish hamda uning xalqaro obro‘siga putur yetkazish, mahalliy saylovlar arafasida hukumatning reytingini pasaytirish maqsadida Ukraina rahbariyati sha'niga dog‘ tushirish bo‘lgan.

Mavzuga oid