O‘zbekiston | 15:30 / 16.12.2022
13853
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoning 7 ta tumanida energetika mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi

Muzrabot, Sherobod va Uzun tumanlari ETK boshliqlari, Qiziriq ETK boshlig‘i o‘rinbosari, Sariosiyo ETK hisobchisi, Denov tumani gaz idorasi bosh muhandisi, Muzrabot tumani ko‘mir ombori mudiri jinoiy harakatlarda gumonlanib, tergovga tortilgan.

Surxondaryoda bir qator tuman ETK boshliqlari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi hamda ko‘mir tarqatishga mas’ul bo‘lgan mutasaddilarga jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Muzrabot TETK boshlig‘i A.Q. va boshqalar yuridik shaxsning elektr energiyasidan 263 mln 707 ming so‘mlik to‘lov muddati o‘tgan debitorlik qarzi bo‘lsa-da, iste’molchini elektr energiya tarmog‘idan uzmasdan, qarzdorlikni undirish choralarini ko‘rmasdan jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lganlikda gumonlanyapti.

Sherobod TETK boshlig‘i Q.K. mansab vakolatidan qasddan foydalanib, tumandagi 208 nafar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzgani holati yuzasidan rasmiylashtirilgan 487 mln so‘mlik dalolatnomalarni tegishli tartibda qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etmaganlikda gumonlanyapti.

Uzun TETK boshlig‘i G‘.A. va boshqalar mansab vakolatidan qasddan foydalanib, “Iskandar Turdialiyev”, “Nurafshon”, “Agro Omad” fermer xo‘jaliklari elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi oqibatida jami 140 mln 832 ming so‘mlik zarar yetkazilganini aniqlagan bo‘lsa-da, yetkazilgan moddiy zarar o‘rnini qoplash choralarini ko‘rmagani aytilmoqda. Ular 2022 yil 1 dekabr holatiga, ularning 2 mlrd 638 mln so‘m qarzi bo‘lsa-da, elektr energiyasi tarmog‘idan uzmasdan jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lganlikda gumonlanyapti.

Qiziriq TETK boshlig‘i o‘rinbosari X.J. mansab vakolatidan foydalanib, “Yevroaziya shifer” MChJga qarashli g‘isht zavodi elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi oqibatida 474 mln 831 ming so‘m zarar yetkazilganini aniqlagan bo‘lsa-da, zararni qoplash choralarini ko‘rmaganlikda gumonlanmoqda. U 2022 yil 1 dekabr holatiga, korxonaning 3 mlrd so‘mdan oshiq qarzdorligi bo‘lsa-da, uni tarmoqdan uzmay, jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Sariosiyo TETKning texnik hisobchisi I.I. tumanning Gulobod mahallasida yashovchi fuqaro F.ning xonadonida aniqlangan tarmoqqa noqonuniy ulanish holati bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni hisobga olmaslik uchun undan 2 mln so‘m talab qilib, pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Muzrabot tumani ko‘mir omborxona mudiri J.X. aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 44 tonna ko‘mir mahsulotini Muzrabot tumani Yurtim jamoli mahallasidagi g‘isht zavodi hududiga kelgusida sotish maqsadida tushirgan vaqtida ushlangan.

Muzrabot tumani suv ta’minot bo‘limi muhandis-energetigi B.K. suv nasoslari va elektrodvigatellarni elektr hisoblagichdan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulab foydalanib kelinayotgani oqibatida HETK manfaatlariga 129,7 mln. so‘m zarar yetkazilganlikda gumonlanyapti.

Denov tumani gaz ta’minot korxonasi bosh muhandisi M.S. korxona balansida bo‘lgan, Totuvlik mahallasi hududida tabiiy gaz tarmog‘idagi 219 mm diametrli qiymati qariyb 66,6 mln so‘mlik 280 metr temir gaz quvurlarini sotib yuborganlikda gumonlanyapti.

Denov tumani gaz ta’minot korxonasi sobiq rahbari F.R. tumanning Chorgul mahallasi hududida tabiiy gaz tarmog‘idagi 159 mm diametrli qiymati 115,7 mln so‘mlik 1069 metr temir gaz quvurlarini ushbu hududda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 7 ta fermer xo‘jaligiga suv chiqarishda foydalanishga berib yuborganlikda gumonlanyapti.

Yuqorida qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid