Kecha, 19 avgust kuni Jondor tumanidan o‘tuvchi “A-380” avtomobil yo‘lining 368-kilometrida harakatlanib borayotgan, Tojikiston Respublikasi fuqarosiga tegishli “Mers-Spirinter” rusumli mikroavtobus ag‘darilib, yo‘l transport hodisasi ro‘y bergani haqida xabar berilgandi

Sog‘liqni saqlash vazirligining “Buxoro yoshlari” nashriga asosan xabar berishicha, hodisaga mikroavtobusning orqa o‘ng shinasi yorilib ketishi sabab qilib ko‘rsatilgan. Avtobus salonida 2 nafar haydovchi hamda 16 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Bugungi aniq tafsilotlarga ko‘ra, yo‘l transport hodisasi kecha soat 14:55da sodir bo‘lgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga xabar yetkazilgach, soat 15:00da 8 ta tez yordam mashinasi yo‘lga chiqqan. Jondor tumanidan o‘tuvchi “A-380” avtomobil yo‘lida nosozlik borligi sabab avtohalokat sodir bo‘lgan 60 kilometr uzoqlikdagi masofaga tez yordam mashinasi soat 15:30da yetib borgan. 

Avtobusda bo‘lgan 18 kishining 8 nafari yengil va 1 nafari o‘ta og‘ir jarohat olgan. Yo‘l transport hodisasi natijasida turli darajada jarohatlangan 9 nafar fuqaro Romitan tumani Gazli shaharchasidagi tibbiyot bo‘limiga olib borilgan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgach, barcha bemorlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelingan. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

O‘ta og‘ir jarohat olgan Z.L.G. 1990 yilda Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan. Og‘ir koma holatda yotgan bemorga miya shikastlanishi, yopiq orqa miya jarohati, servikal vertebraning S2 tananing yopiq transdental sinishi, yumshoq to‘qimalar va tananing bosh terisi, shuningdek, oyoq-qo‘llarning yorilishi tashxisi qo‘yilgan. Ko‘rik davomida bemorda o‘pka sil kasalligi tashxisining ham ko‘ringani uning o‘ta og‘ir sharoitlarda mehnat qilganini ham anglatadi. Ayni paytda bu bemor ustida tibbiy muolajalar olib borilmoqda.