21:56 / 30.03.2023
13622

“Har besh ming yoki o‘n ming odam partiya ochaversa, saylov varag‘i ham yetmay qoladi” - adliya vaziri

Adliya vaziri Akbar Toshqulovga ko‘ra, O‘zbekistonda siyosiy partiyani ro‘yxatga olishda talab etiladigan 20 mingta ovoz ko‘p emas, bu O‘zbekiston aholisi nufusining 1 foizini ham tashkil etmaydi. Vazirning bu so‘zlari muhokamaga sabab bo‘ldi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Jurnalist Shahnoza To‘ramurodova adliya vaziri Akbar Toshqulov bilan uchrashuvda siyosiy partiyalarni ro‘yxatda olishda bugungi kunda amalda bo‘lgan 20 ming imzo to‘plash talabi jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lib kelayotgani, faollar bu talab yumshatilishi tarafdori ekani haqida to‘xtalib, Adliya vazirligi jamoatchilikning bu boradagi takliflari asosida qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritish niyati bor-yo‘qligi bilan qiziqdi. Vazir bunga javoban aholi soniga qiyosan olinsa, 20 ming imzo talab etilayotgani aslida juda kam ekanini ta’kidladi.

“Bizning nuqtai nazarimizga ko‘ra, [partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab etiladigan] 20 ming [imzo] ko‘p emas. Bu hozir aholining necha foizini tashkil qiladi? Agar aholi 36 million kishi bo‘lsa, bu 1 foizdan kam. Bu juda kam, bu normal.

Boshqa davlatlarning ham tajribasini o‘rganganmiz. Ularda ham biznikidan keskin farq qilmaydi. Tasavvur qiling, har besh ming yoki o‘n ming odam partiya ochaversa, qancha partiya bo‘lib ketadi? Saylov varag‘i ham yetmaydi. Shuning uchun bunday to‘siqlar bor.

Chunki partiya ko‘pchilik aholining manfaatini ifoda qiladigan, ko‘pchilikning siyosiy-huquqiy qarashlarini ko‘rsatadigan tashkilot. Shuning uchun butun dunyoda [imzolar] soniga nisbatan cheklovlar bor”, deya Akbar Toshqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, partiyalar Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Buning uchun esa O‘zbekistonning kamida sakkizta hududida, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida yigirma ming fuqaroning imzosi talab etiladi.

Adliya vaziri 20 ming odamni birlashtira olgan partiyalarning arizasi qonuniy ko‘rib chiqilishi, imzolar qonuniy bo‘lsa, partiyani ro‘yxatga olishda hech qanday muammo bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

“Bizga kelgan murojaatlarni qonuniy tartibda ko‘rib chiqamiz. Bizga yaqin orada bu borada hujjat kelib tushmagan. Qonunda belgilangan talabga javob bersa, partiyalar ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Yigirma ming odamni birlashtirsin, hech qanday masala yo‘q. Ularning imzosini to‘plash kerak. Imzosi qonuniy bo‘lishi kerak”, deydi Akbar Toshqulov.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov adliya vazirining pozitsiyasini “to‘liq avtoritar” deb atagan.

“O‘zbekistonda, mana o‘ttiz yildirki, rasman besh partiyali, de-fakto, bir partiyali tizim. Bir partiyali deyishimning sababi partiyalar o‘zaro ham kurashmaydi, hukumatni-ku umuman tergay olmaydi.

Har bitta siyosiy tizimning fundamental falsafasi bo‘ladi. Partiyalarning ko‘p va faol bo‘lishi – xalq davlatni, parlamentni va ijroiya hokimiyatini boshqaryapti degani.

Partiyalar tuzish qiyinlashtirilganmi, demak, bu yerda eng asosiy demokratik mexanizm ishlamayapti. Demokratik qoidaga ko‘ra, xalq o‘zi istagan partiyalarni tuzadi va hech qanday to‘siqlarsiz o‘zining g‘oya va dasturlarini saylovga qo‘yadi va ovoz ololsa, hokimiyatga aylanadi”, deydi ekspert.

U qo‘shni Qozog‘istonda siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish osonlashtirilgani, ilgari buning uchun 20 ming imzo talab qilingan bo‘lsa, mazkur talab to‘rt martaga qisqartirilib, 5 mingga tushirilganini eslatgan.

“Aholisi ikki baravar ko‘p bo‘lgan O‘zbekistonda esa, hattoki 2016 yildan keyin ham biron bir partiya loyihasi ro‘yxatdan o‘ta olmadi. Yana o‘sha 20 minglik barerni oqlash ketyapti. Yana jamiyatni ayblash ham bor... Xalq irodasidan qo‘rqish hali ham saqlanib qolyapti. Aslida, jamiyat manfaatlarini qondirish orqali ham liderlikni saqlab, mustahkamlab borilsa bo‘lardi...”, deya ta’kidlaydi siyosatshunos.

Avvalroq huquq faoli, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan strategiya bo‘yicha mamlakatda siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, shundan beri birorta yangi partiya yuzaga kelmagani, bu borada o‘ziga xos to‘siqlar borligini tilga olgandi.

“Masalan, ma’lumot uchun aytishim mumkin, Rossiya qonunchiligida siyosiy partiyani ro‘yxatga olish uchun 500ta imzo kifoya qiladi. Holbuki Rossiya Federatsiyasida 146 mln aholi yashaydi. Hatto unchalik demokratik bo‘lmagan Turkmaniston yoki Belarusda [siyosiy partiyani ro‘yxatga olish uchun] 1000ta imzo yetarli”, deb aytgandi u.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda rasman beshta siyosiy partiya (O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, «Adolat» SDP, XDP, O‘zbekiston Ekologik partiyasi) ro‘yxatga olingan. 2020 yilda ushbu partiyalarning umumiy xarajati 101 milliard 108 million so‘mdan ortiqni tashkil qilgan.

Top