O‘zbekiston | 11:50 / 05.07.2018
122029
3 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onda gumondor ayolni tahqirlagan ichki ishlar organi xodimi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

4 iyul kuni internetda Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib kelingan ayol yechintirilib tahqirlangani tasvirlangan video tarqaldi. Bu ayol avvaliga bozorda katta miqdorda o‘g‘irlik qilishda gumon qilinib, mahkamaga olib kelingan va keyin gumon isbotini topmagach, qo‘yib yuborilgan.

Ushbu videoda voqea 3 iyun kuni Samarqand viloyat Kattaqo‘rg‘on shahar IIB binosida bo‘lib, ayolni yechinishga majburlagan shaxs esa IIB Jinoyat-qidiruv bo‘limi tergovchisi San'at Umarov ekanligi aytilgan.

Videoda San'at Umarov gumondorni haqoratlab, unga baqiradi va so‘ngra uni yalang‘och holatda ko‘chaga chiqishga majburlaydi.

«Kun.uz»ga ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyat IIB tomonidan tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, noqonuniy xatti-harakat qilgan xodim Kattaqo‘rg‘on shahar IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili San'at Sulaymonovich Umarov ekani aniqlanib, u ayni vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari safidan bo‘shatilgan. 

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat prokuratura idoralari tomonidan jinoyat kodeksining mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati bilan ishi qo‘zg‘atilgan, sobiq xodimga nisbatan surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyat IIB ma'lumotida voqea Tergov bo‘limida yoki aynan tergovchi tomonidan sodir etilmagani ta'kidlangan, videoda aks etgan bino ham Tergov bo‘limining binosi emas.

«Hozirgi kunda mazkur ish bilan Bosh prokurorning shaxsan o‘zi shug‘ullanmoqda. Umumiy holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi ham boshlangan. To‘liq u ekanligini bilish uchun yuzlashtirish, videodagi ovozlarni tekshirish kerak. Chunki uning yuzi ko‘rinmagan. Hozirda Umarov ushlangan, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda», deya ma'lumot bergan Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova.

Ma'lumot uchun, Jinoyat kodeksining 206-moddasi hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish hisoblanadi. Mazkur jinoyatda mansabdor shaxs o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan xarakatlarni qasddan sodir etadi. Fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘ladi. 

O‘sha harakat mas'ul mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, sud tomonidan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Mavzuga oid