12:11 / 30.11.2023
37254

Milliy gvardiyaning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘zgardi

Polkovnik Mirzaakbar Madumarov Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Shu vaqtgacha boshqarmaga rahbarlik qilib kelgan Atamurad Ahmedov sog‘lig‘i tufayli egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Foto: Kun.uz

Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan polkovnik Mirzaakbar Madumarov Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Tayinlovga qadar polkovnik Mirzaakbar Madumarov Milliy gvardiya tasarrufidagi Chirchiq shahridagi brigada komandiri lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

UzNews’ning yozishicha, shu kunga qadar Toshkent shahar bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘i Atamurad Ahmedov sog‘lig‘i tufayli egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Atamurad Ahmedov / Insider.uz

Mazkur o‘zgarish 25 noyabr kuni Toshkentdagi «Humo» arenasida xonanda Jah Khalib'ning konsertiga kirishda yuzaga kelgan tartibsizlik chog‘ida Milliy gvardiya xodimlariga hujum uyushtirilgani haqida tarqalgan xabarlar ortidan ro‘y bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, shanba kuni konsert boshlanishidan avval muxlislar zonasiga kiraverishda tiqilinch yuzaga kelgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda kiraverishda minglab odamlar to‘planib qolgani aks etgan videolar tarqaldi.

iTicket.uz tartibsizliklarga konsert uchun soxta chiptalarni rasmiy platformasi orqali emas, balki uchinchi tomon saytlarida xarid qilgan ko‘plab odamlar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Mavzu
Jinoyatchilikka qarshi tadbirlar
2023 yil noyabr oyining oxirida O‘zbekistonda, rasmiylar ta’rifiga ko‘ra, “kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar” boshlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top