O‘zbekiston | 17:51 / 30.07.2020
81988
2 daqiqa o‘qiladi

«Ahvoli og‘ir, sun'iy nafas berish apparatiga ulangan». Musa Yerniyazovning holati haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi

Qoraqalpog‘iston Respulikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda, u o‘pkaning sun'iy ventilyatsiya apparatiga ulangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ishtirokidagi matbuot anjumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning ahvoli haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Anvar Alimov Musa Yerniyazovning davolanish uchun Turkiyaga olib ketilgani haqidagi xabarlarni rad etdi – u Nukusda davolanmoqda.

«Bemor hozirda respirator terapiya olmoqda – u o‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparatiga ulangan. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Musa Yerniyazovni davolash uchun boshqa davlatga olib ketish haqida hech qanday gap bo‘lgani yo‘q», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shtab a'zosi Habibullo Oqilovning so‘zlariga ko‘ra, bemorni davolash turkiyalik va germaniyalik mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda amalga oshirilmoqda.

«Musa Tajyetdinovich kasallikning birinchi kunidan boshlab Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining Nukus filialida davolanyapti. U yerda Toshkent shahridan ikki nafar mutaxassis va mahalliy tibbiyot mutaxassislari ishlashmoqda.

O‘zbekistonga germaniyalik va turkiyalik mutaxassislar kelganda Toshkent shahridan turib videokonferensaloqa orqali Buxoro, Xorazm va Nukus bilan aloqa o‘rnatib, u yerdagi bemorlarning ahvoli bo‘yicha maslahatlashdik. Shuningdek, Musa Yerniyazovning holati bo‘yicha ham maslahatlashildi va davolash rejasiga ko‘rsatmalar berildi», degan Oqilov.

Eslatib o‘tamiz, 18 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning koronavirusdan davolanayotgani haqida xabar berilgan edi. 25 iyul kuni Yerniyazovning o‘limi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ma'lumotni rad etgan.

Mavzuga oid