Jamiyat | 17:58 / 24.07.2019
90640
3 daqiqa o‘qiladi

«Kenjayev ishi»ning davomi: «Aurum-898» tungi klubi yana bir qo‘riqchisiga hukm o‘qildi

Xabaringiz bor, o‘tgan yilning eng shov-shuvli voqealaridan biri poytaxtdagi «Aurum-898» tungi klubidagi mudhish holat bo‘ldi. Ushbu janjalda sportchi Jamshid Kenjayev ayovsiz kaltaklangan, pichoqlangan va halok bo‘lgandi. Shundan so‘ng, jinoiy ish bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tgan va sud majlislaridagi muhokamalar jamoatchilikka yetkazib borilgan edi. Ushbu ish doirasida navbatdagi sud jarayoni joriy yilning 9 iyul kuni o‘z yakuniga yetdi.

Ushbu sud ishida jabrlanuvchi sifatida Jamshid Kenjayevning o‘rtoqlaridan biri Sh. T. ishtirok etgan. Sudlanuvchi sifatida qatnashgan «Aurum-898» tungi klubining qo‘riqchisi M.A.ga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sudning aniqlashicha, mast holatda bo‘lgan Jamshid Kenjayev klubga kirishga uringan va norasmiy qo‘riqchilar tomonidan to‘xtatilgan. Shu orada janjal chiqib, Jamshid Kenjayev qo‘lida bo‘lgan pichoq bilan Sherali Ilyasov va Abdurasul Mirzayevga tan jarohati yetkazadi. Shu jarayonda, sudlanuvchi M.A. janjalning oldini olish uchun kelgan Kenjayevning o‘rtog‘i Sh.T. va uning boshqa sheriklarini quvib ketgan. Shundan so‘ng, sudlanuvchi M.A. jabrlanuvchi Sh.T.ni tanasining turli joylariga qo‘l va oyoqlari bilan urib, yonida bo‘lgan pichoq bilan orqa dumba sohasiga ikki marta tan jarohati yetkazgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining 2018 yil 14 avgustdagi 4456-sonli xulosasiga ko‘ra, Sh.T. ga nisbatan yengil tan jarohati yetkazilgan.

Sudda M.A. o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Jabrlanuvchi Sh.T. esa sudlanuvchiga nisbatan hech qanday moddiy va ma'naviy da'vosi yo‘qligini aytgan va suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud holatni batafsil o‘rganib chiqib, sudlanuvchi M.A.ga nisbatan jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandi bilan aybli deb topdi va 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Cheklovlar quyidagicha:

- yashash joyini hukmni ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o‘zgartirmaslik,

- ommaviy va boshqa tadbirlarda ishtirok etmaslik,

- muayyan joylarda – tungi klublar, restoran, kafe, bar, spirtli ichimliklari ichish joylariga bormaslik,

- alkogolli ichimliklar iste'mol qilmaslik, muayyan buyumlarni – barcha turdagi pichoq, temir bo‘laklarini o‘zida saqlamaslik,

- Qashqadaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik taqiqlari yuklatilgan.

Mavzuga oid