O‘zbekiston | 14:52 / 07.02.2023
13001
3 daqiqa o‘qiladi

Budjet tashkilotlarida yoppasiga quyosh panellari va issiq suv kollektorlarini o‘rnatish boshlanadi

​​​​​​​O‘zbekistonda budjet tashkilotlarining binolari energiya iste’molining 30 foizini yil oxirigacha, yana 30 foizini keyingi ikki yilda yashil energiyaga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Eng ko‘p energiya sarflaydigan korxonalarga o‘z iste’molining kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tkazish majburiyati yuklanishi mumkin.

Foto: Kun.uz

2023 yil 1 sentabrdan boshlab, O‘zbekistonda budjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini o‘rnatish majburiyati yuklanishi mumkin.

2023 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 2026 yilga qadar budjet tashkilotlarining binolari energiya iste’molining 60 foizini yashil energiyaga bosqichma-bosqich o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Natijada, davlat organlari va tashkilotlarida 2023 yilda energiya iste’molining 30 foizini yashil energiyaga o‘tkazish hisobiga 448,7 mln KW.soat elektr energiyasi, 2026 yilda esa 60 foizini o‘tkazish hisobiga o‘rtacha 897,4 mln KW.soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.

Bundan tashqari, quvvati 20 KW va undan past bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini past kuchlanishli (0,23-0,4 KW) elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shart olish talab etilmasligi belgilanadi.

Hozirda quvvati 20 KWgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini tarmoqqa ulash uchun texnik shartlar olinib, shartnoma tuzish tartibotlari bor. Yangi tartib qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxslarga qulaylik yaratadi.

Farmon loyihasiga ko‘ra, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab, yillik hajmi 2 ming tonnadan ortiq shartli yoqilg‘i yoki 1 ming tonnadan ortiq motor yoqilg‘isiga teng energiya resurslarini sarflaydigan tashkilotlarga o‘z energiya iste’molining kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya hisobiga ta’minlash majburiyatini yuklash nazarda tutilgan.

Izohlanishicha, 2023–2026 yillar davomida iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini iste’mol qilayotgan 25 ta yirik korxona va tashkilotning umumiy iste’mol hajmi 4 mlrd KW.soatni tashkil etishi inobatga olingan holda, bu tashkilotlar o‘z iste’molini kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalar hisobidan ta’minlashi orqali kamida 1,2 mlrd KW.soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga olinadigan minimal energiya miqdori bo‘yicha talablarni bajarmagan tashkilotlar tomonidan yetishmagan energiya ulushiga mutanosib miqdorda yashil sertifikatlarni sotib olish talabi kiritilishi kutilmoqda.

Bunday talab tashkilotlarni energiya samaradorligini oshirish borasida rag‘batlantiradi, sertifikat sotuvidan tushgan mablag‘ esa yashil texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Umumiy iste’molining 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazish talabi bajarilmagan taqdirda, mazkur tashkilot ushbu maqsadga erishish uchun yetishmagan energiya ulushiga mutanosib miqdorda har 1 MW uchun bitta yashil sertifikatni sotib oladi.

Mavzuga oid