17:46 / 24.08.2021
11689

«OAV muammolarni boricha aytmoqda» - Prezident ekologik vaziyat og‘irlashib ketishida hokimlarni aybladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ekologiya muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Samarqand viloyatidagi Zarafshon qo‘riqxonasidagi holat ham muhokama etildi.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Zarafshon qo‘riqxonasidagi vaziyat haqida ma'lumot berdi va o‘zi bu yerdagi muammolardan shu paytgacha bexabar bo‘lganini, endi jiddiy shug‘ullanishini bildirdi.

«Vaziyat bunday og‘irlashib ketishiga birinchi navbatda hokimlar aybdor. Bularni aytgan ommaviy axborot vositalari xodimlarini hamma yomon ko‘radi. Lekin men ularni yaxshi ko‘raman, chunki bor muammolarni boricha aytishadi.

Daraxt qolmadi, qush qolmadi qishloqda! O‘zing [E. Turdimovga qarata] o‘sgan Qo‘shrabotda qaldirg‘ochsiz uy yo‘q edi, qani shular?

Ekologiya rahbarini ishdan oldim, bosh vazir boshchiligida butun tizim yangilanadi, kerak bo‘lsa subsidiyalar beramiz», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident Samarqand shahri markazini ko‘chirish bo‘yicha qilinayotgan chora-tadbirlar haqida ham gapirdi.

Samarqand shahri markazi turistik markaz bo‘lishi kerakligi, sayyohlar va shahar aholisi tarixiy hududda erkin nafas olishi zarurligi ta'kidlandi.

Bundan avvalroq Kun.uz saytida Zarafshon daryosi karerlar faoliyati (foydali qazilma va qum-shag‘alni ochiq usulda qazib oladigan korxona) tufayli qurib borayotgani, bundan atrofdagi hududda ekologik holat yomonlashib borayotgani haqida maqolalar e'lon qilingandi.

Top