Jamiyat | 22:16 / 27.09.2021
49302
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda trassani to‘sgan ayollar javobgarlikka tortildi

Samarqand tumanida M37 Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining «Samarqand avtomobil halqa yo‘li» qismida yo‘lni to‘sib qo‘ygan va unda transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan bir guruh ayollar javobgarlikka tortilgan.

Viloyat IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 2021 yil 26 sentabr kuni soat 12:10 larda, Samarqand tumani Yangiariq-1 mahallasi Chungul ko‘chasida yashovchi 13 nafar fuqaro mahalla xonadonlarida tabiiy gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, M37 Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining «Samarqand avtomobil halqa yo‘li» qismi 8-kilometrida yo‘lni to‘sib qo‘ygan va unda transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur fuqarolar Samarqand tumani hokimiyati binosiga olib kelinib, tuman hokimi, viloyat va tuman IIB rahbariyati hamda mutasaddi tashkilot xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilgan.

So‘ng holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudining 27 sentabr kunidagi qarori bilan yo‘l to‘sishda qatnashgan 13 nafar shaxs MJTKning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 201-moddasida (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, huquqbuzarlikning ikki nafar tashkilotchisiga 5 sutkadan ma'muriy qamoq jazosi, qolgan 11 nafar huquqbuzarga jarima jazosi tayinlangan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Yangiariq-1 mahallasi 2015 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tabiiy gaz tarmog‘idan uzilib, suyultirilgan gaz ballonlari yoqishga o‘tkazilgan. Ushbu mahallaga oxirgi marta Samarqand tumani gaz ta'minoti bo‘limi tomonidan joriy yil 29 iyul kuni suyultirilgan gaz ballonlari tarqatilgan.

Viloyat IIB axborot xizmatining xabarida mazkur mahallaga suyultirilgan gaz yetkazib berishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan va qariyb ikki oy mahallani gazsiz qoldirgan Samarqand tumani gaz ta'minoti bo‘limi mutasaddilariga qanday chora ko‘rilgani haqida ma'lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, aholiga suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilgan ballonlar 45 kundan kechiktirilmay yetkazib berilishi belgilangan.

Mavzuga oid