“Bu hali boshlanishi” - Shavkat Mirziyoyev “tonirovka” bo‘yicha qaror imzoladi
1 iyuldan avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish tekin bo‘ladi, old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari 6 barobargacha arzonlashtiriladi. “Bu hali boshlanishi” deya e’lon qilgan prezident odamlarni qiynayotgan va ahamiyatini yo‘qotgan boshqa tartib va cheklovlar ham bekor qilinishini aytdi.
Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 iyun kuni qishloq xo‘jaligiga oid masalalar yuzasidan o‘tkazilgan selektor so‘ngida avtomobillar oynalarini qoraytirish masalasiga to‘xtaldi.
“Har bir islohotimiz, taklif va tashabbuslarimiz, bu – eng avvalo inson qadri uchun. Shu bois, xalqimizga qanday yengilliklar bersak, u bizdan rozi bo‘ladi, degan savol barcha rahbarlarni har kuni, har daqiqa o‘ylantirishi kerak.
Har gal joylarga chiqqanimda oddiy-oddiy odamlar bilan uchrashib, muammolarini eshitaman, yana qancha aholimizda shunday muammolar borligi haqida o‘ylayman va unga yechim qidiraman.
Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan masalalardan ham xabardorman.
Mana, bugungi kunda mamlakatimizda yengil avtomashinalar soni 3,5 milliondan oshdi. Haydovchilarimizda ham ko‘plab e’tirozlar to‘planib qolgan.
Shu bois, bugun haydovchilar va yo‘lovchilar anchadan beri kutgan, ularning kayfiyatini ko‘taradigan qarorni imzoladim”, deya Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab:
- avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish to‘lovlari bekor qilinadi, ya’ni bepul bo‘ladi;
- old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari 6 barobargacha arzonlashtiriladi;
- ishlab chiqarilganiga 10 yildan ko‘p bo‘lmagan yengil mashinalarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi bekor bo‘ladi.
Shuningdek, endilikda 10 yildan 15 yilgacha bo‘lgan yengil mashinalar – ikki yilda, 15 yildan ortiq bo‘lganlari esa bir yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
“Bu hali boshlanishi. Men prezident maslahatchilari, bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarga topshiriq berganman. Odamlarimizni qiynayotgan, ahamiyatini yo‘qotgan tartib va cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha Ishchi guruhi barcha yo‘nalishlarda muntazam ishlayapti.
Joylardan tushgan asoslangan takliflar va yechimlar bo‘yicha doimiy tarzda xalqimizning foydasiga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilib boriladi”, dedi prezident yig‘ilish yakunida.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda (1 iyulgacha) O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat olish to‘lovi quyidagicha:
- orqa yon oynalar – yiliga 5 BHM (1 mln 500 ming so‘m);
- barcha yon oynalar – yiliga 50 BHM (15 mln so‘m).
Voqea tarixi
O‘zbekistonda avtomobil oynalarini qoraytirishga 2018 yilda ruxsat berilgandi. Muayyan to‘lov evaziga beriladigan ruxsatnoma faqatgina 1 yil amal qiladi. Belgilangan to‘lov miqdorining yuqori ekani ko‘p marta tanqid qilingan, hattoki jamoatchilik bunga faol qarshilik bildirgan, biroq “Mening fikrim” portaliga joylashtirilgan petitsiya 10 mingdan ortiq ovoz to‘plagan bo‘lsa-da, negadir ko‘rib chiqilmagandi.
2019 yili noqonuniy “tonirovka” uchun jarima miqdori birdaniga avvalgisiga nisbatan keskin oshirildi. IIV YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov bu o‘zgarishga izoh berarkan: “Biz bilmaymiz-ku, oynasini ruxsatnoma olmasdan qoraytirib olgan haydovchi qayerda nima ish qilib yuribdi. Ko‘pchilikning maqsadi boshqa bo‘lishi mumkin”, deb javob bergan, mulozimning ushbu so‘zlari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan istehzo bilan qarshi olingandi.
MJtKning 126-moddasiga ko‘ra, avtomashinani ruxsatsiz “tonirovka” qilish 25 BHM (7,5 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, jarima – 40 BHM (12 mln).
Bir necha oydan buyon haydovchilar #Tonirovka_jinoyat_emas heshtegli kampaniya boshlashgan. 1 iyuldan avtomobil oynalarini qoraytirish tekin bo‘lishi haqida mish-mish tarqalgan, lekin IIV matbuot kotibi bundan bexabarligini aytgandi.
O‘n kun oldin Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov “tonirovka” to‘lovining bekor qilinishi “inson qadrining bir ko‘rinishi” bo‘lishini aytgan, uning bu so‘zlari ko‘pchilik uchun umidli yangragandi.
Yildan yilga jazirama tafti kuchayib borayotgani, 40–50 daraja issiqda qoraytirilgan oynalar huzur-halovat emas, hayotiy ehtiyoj hisoblanishi bot-bot takrorlanmoqda. Internet foydalanuvchilari rasmiylarga murojaat qilib, fuqarolarning talablariga e’tibor qaratishni so‘rashmoqda.
Aprel oyidagi matbuot anjumanida IIV mulozimi Kun.uz savoliga javoban tonirovka masalasida yengillik berilishi kutilmayotganini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
15:25 / 06.12.2024