18:20 / 12.07.2019
35334

«Barselona» Antuan Grizmann transferini e'lon qildi

Fransiyalik hujumchi Antuan Grizmann «Barselona» a'zosiga aylandi. Bu haqda «ko‘k-anorranglilar» rasmiy saytida e'lon qilindi.

28 yoshli hujumchi bilan 5 yillik shartnoma imzolanadi, bu shartnomaga ko‘ra u jami 105 million yevro miqdorida maosh oladi. Shartnomani bekor qilish summasi - tovon puli miqdori 800 mln yevro deb belgilanadi.

Kataloniyaliklar klubi Grizmann uchun «Atletiko»ga 120 mln yevro to‘lagan. 7-raqam egasi 5 mavsumdan buyon Madrid klubida o‘ynab kelayotgandi.

Antuan dushanbadan kataloniyaliklar safida mashg‘ulotlarga qo‘shilishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, «Atletiko» Grizmanni 2014 yilda «Real Sosedad»dan 30 mln yevroga sotib olgan. U o‘tgan mavsumda «matraschilar»ning 48ta o‘yinida maydonga tushib, 21ta gol va 10ta golli uzatmaga mualliflik qilgandi.

Fransuz futbolchisi madridliklar klubi uchun barcha turnirlar doirasida jami 257 o‘yinda maydonga tushgan va 133 gol urgan.

Ispaniya poytaxtidagi besh yillik faoliyati davomida hujumchi Yevropa ligasi, Yevropa superkubogi va Ispaniya superkubogida bir martadan g‘olib chiqdi. 2016 yilda La Liganing, 2017/18 mavsumida Yevropa ligasining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

U 2019 yil mayida klubni tark etishini e'lon qilgandi. 

Antuanning kattalar futbolidagi ilk mavsumi muvaffaqiyatli kechgan, u debyut - 2009/10 mavsumida «Real Sosedad»ning Segunda g‘olibi bo‘lishiga 39ta o‘yindagi ishtiroki bilan hissa qo‘shib, so‘ng yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni bo‘lgandi. Yevro-2016ning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etilgan, o‘sha yili Fransiyada yil o‘yinchisi deb e'lon qilingan Grizmann 2018 yilgi Jahon chempionatida 4ta gol urib, bosh sovrin egasiga aylangan edi.

Top