Yoshlar bandligi masalalari bo‘yicha yig‘ilishda davlat rahbari yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish masalasiga to‘xtaldi.

«Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga e'tiborni yanada kuchaytirish zarur. Bu borada respublika bo‘yicha mavjud 215ta «Barkamol avlod» bolalar markazlari imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish kerak. Bugungi kunda «Barkamol avlod» bolalar markazlari bor-yo‘g‘i 175 ming nafar (3 foiz) yoshlarni qamrab olgan. 

Shu bois, viloyat, tuman va shahar hokimlari o‘n kun muddatda «Barkamol avlod» markazlarida zamonaviy to‘garaklar ochish va ularning har bir maktabda tarmoq filiallarini tashkil etish orqali qamrovni kamida 3-5 baravarga oshirish bo‘yicha rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin (respublika bo‘yicha kamida 500 ming yoshlarni qamrab olish kerak).

Shu bilan birga, Aziz Abduhakimov, Sherzod Shermatov, Abduqodir Toshqulov joriy yilda 2 million nafar yoshlarni ta'lim muassasalarining sport zallari va maydonlarida to‘garaklar va musobaqalarga jalb qilishi kerak. 

Shu maqsadda, yoshlarni sport, madaniyat va san'atga qiziqtirish uchun konkurs va musobaqalar ko‘paytiriladi», degan davlat rahbari.

Oliygohlar yon-atrofidagi mahalla yoshlari bilan ishlashda, rektorlarning o‘rni umuman sezilmayotgani, rektorlarning bu borada bergan takliflari ma'qul emasligi ta'kidlab o‘tildi.

«Birortasi o‘z hududida mahallagacha tushib, yoshlar tarbiyasi, uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tashabbus bildirmagan. Qaysi rektor yotoqxonaga borib yoki bo‘sh yotgan madaniyat markazlarida yoshlar bilan uchrashdi, ular bilan muloqotni yo‘lga qo‘ydi, motivatsiya berish, hayotda o‘z yo‘lini topish va madaniy tadbirlarni tashkil etdi? Afsuski, bu savolga ijobiy javob yo‘q.

Yoshlar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun, Farg‘ona universiteti (Maqsudov), Samarqand qurilish (Ahmedov), Qo‘qon pedagogika (Otajonov) institutlari rektorlari va Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali direktori (Olimov) lavozimidan ozod etilsin. Boshqa rektorlar qat'iy ogohlantirilsin.

Endi, bu borada mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Har bir oliygoh yon-atrofidagi kamida 5-10tadan shahar mahallasi uchun «ma'naviyat markazi» va «madaniyat o‘chog‘i» bo‘lishi kerak.

Oliy o‘quv yurtlari atrofidagi mahallalardagi uyushmagan yoshlarni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb etadi, ularning ma'naviy dunyoqarashini shakllantirishga ko‘maklashadi.