Shaharsozlar: “Shahar markazida yo‘l o‘tkazgich qurish to‘g‘ri emas”
Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi mumkin. Urbanistlar bunday qaror zamonaviy shaharsozlik, iqtisodiy va ekologik jihatlarga ko‘ra noto‘g‘ri qaror bo‘lishini ta’kidladi. Jamoatchilik faollari ko‘prik qurish loyihasini bekor qilishga chaqirmoqda.
20 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bir nechta ko‘chalarda bo‘lib, infratuzilma loyihalari bilan tanishdi. Xususan, davlat rahbari “Paxtakor” metro bekati atrofidagi piyodalar va avtomobillar uchun sharoitlarni ko‘zdan kechira turib, mutasaddilarga Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish zarurligini aytdi.
“Kelgusida harakat yanada ko‘payishini inobatga olib, Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish, piyodalar yo‘laklarini qulaylashtirish kerakligini aytdi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
“Tirbandlik yo‘qolmaydi, shunchaki keyingi chorrahaga ko‘chadi”
Piyodalar uchun hanuz xavfli va noqulay bo‘lib turgan Toshkentda yana bir yo‘l o‘tkazgichning qurilishini ko‘plab jamoatchilik vakillari qo‘llab-quvvatlamayapti. Shaharsoz Iskandar Soliyevning Kun.uz muxbiriga aytishicha, bu loyihaning amalga oshishi turli oqibatlarga sabab bo‘ladi.
“Shaharshunoslar, ya’ni urbanistlar bu borada doim o‘zlarining qarshi fikrlarini ilgari surishadi va shahar ichida yo‘l o‘tkazgichlarni qurishni doim qoralashadi. Buning turli sabablari bor.
Shahar markazida, umuman shahar ichida bunday yo‘l o‘tkazgichlarini qurish, mantiqiy jihatidan ham, (bizning vaziyatda Navoiy ko‘chasida qurilishi aytilayotgan yo‘l o‘tkazgichi eng mantiqsizlaridan), iqtisodiy jihatdan ham, ekologik jihatdan ham va odamiylik tomonidan ham noto‘g‘ri qaror deb bilaman”, – deydi urbanist.
Soliyevning fikricha, bu yo‘l o‘tkazgichning qurilishi hudud iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotida salbiy o‘zgarishlarga olib keladi:
1. Bu hududda rivojlangan tijorat joylari unumdorligi so‘nadi.
2. Qurilish hudud atrofidagi tarixiy binolarning ko‘rinishini buzadi. Asosiysi, yo‘l o‘tkazgich katta hududni egallaydi, agar joydan kelib chiqsak, bu joyda aynan burchakdagi tarixiy binolar yo‘qolib ketishi ehtimoli ham bor.
3. Yashil zona, daraxtlar ham zarar ko‘rishi tabiiy.
4. Piyodalar harakatini yanada qiyinlashtiradi, o‘tkazma atrofi piyodalar uchun uzun yo‘ldan o‘tish kvestiga aylanadi.
5. Ko‘prik va uning atrofi avtomobillar bilan to‘la o‘lik hududga aylanadi.
“Bu holatda tirbandlik keyingi chorrahaga ko‘chishi mumkin, xolos. Bizga bu borada ko‘proq g‘arb amaliyoti kerak. Agar boshqa davlatlardagi yoki o‘zimizdagi qurilib bo‘lgan o‘tkazgichlarga qaralsa va o‘rganilsa, o‘rganilganlari o‘qilsa, bilamizki, tirbandlik yo‘qolmagan. U faqat keyingi chorrahaga ko‘chgan bo‘ladi.
Umuman, tirbandlikning eng kerakli yechimi – avtomobillarga qarshi kurashish. Shahar markazida avtomobillar harakatini keskin qisqartirish zarur. Biz avtomobil yo‘li bilan ko‘chaning farqiga borishimiz kerak. Yo‘l – bu transport uchun, ko‘cha esa barcha uchun. Bilamizki, shaharda transportdan tashqari yana boshqa qatlamlar ham mavjud.
Bu hududda avtomobillar gegemoniyasiga chek qo‘yish kerak, ushbu ko‘chada avtomobillar qatorini qisqartirib yoki faqat jamoat transporti uchun yo‘l ochib, qolgan hududni velosiped va piyodalar uchun katta maydonga aylantirsa bo‘ladi. Sababi yaqinda ochilishi rejalashtirilayotgan savdo markazi o‘zi bilan birga katta muammolarni olib keladi, atrofni avtomobillarga to‘ldiradi, shunday manzara bo‘lmasidan o‘zgarishlarni amalga oshirish zarur.
Bu markaz qurib bitkazilayotgan ekan, endi buzishmasa kerak. Shuning uchun hudud atrofida katta miqdorda odam to‘plana oladigan darajada maydon barpo qilish lozim. Buning uchun joylar avtomobillardan xoli bo‘lishi yoki harakat keskin pasaytirilib, umumiy hududga aylantirilishi kerak. Umumiy deb bu – piyodalar hamda velosipedlar harakati asosiy bo‘lgan hududlarga aytiladi. Bunday hududlarga jamoat transporti kira oladi, mahalliy aholi, so‘ngra (ba’zi davlatlarda qilinadi bunday amaliyot) taksilarga ham yo‘l ochiladi. Lekin tezlik 20 km/s dan past bo‘ladi”, – deydi mutaxassis.
“Shaharlar insonlar uchun qurilishi kerak”
Yana bir shaharsoz, xalqaro toifali ekspert Temur Ahmedov barcha qurilishlarda bosh reja qilinishi kerakligini, shundagina muammolar yuzaga kelmasligini aytmoqda.
“Shahar ichida bunday qurilish qilish noqulay. Boisi, bu hududda poytaxtning eski binolari, daraxtlari ham bor. U yerlarning hammasi sobiq sovet davridan beri, kamida 100 yil oldingi davrlardan beri bor. Demak, u joylar tarixiy yerlar hisoblanadi. Shu sababli bu hududda katta o‘zgarishlar qilish noto‘g‘ri deb o‘ylayman.
O‘zi shaharning ichida yo‘llarni kengaytirib, ko‘priklar qurish maqsad qilinishi kerak emas. Maqsad odamlarga qulaylik yaratib, har xil yo‘llar bilan manziliga yetib borish mexanizmini ishlab chiqish, bu jarayonda avtomobilga bog‘lanishni kamaytirish lozim. Daraxtlar sabab soya qilingan bo‘lsa, ariqda suv bo‘lsa, umuman mikroiqlim yaratilgan bo‘lsa, odamlar boradigan joyiga yayov ham boraveradi. Yoki havo yaxshi bo‘lsa, velosiped, samokatlarda, undan keyin jamoat transportida yoki taksida yetib olishi mumkin. Mana shularning eng so‘nggidagina shaxsiy avtomobilga ehtiyoj tug‘ilishi kerak.
Shaharning o‘zi inson uchun qurilishi kerak. Odamlarga qulay qilinishi ularning do‘konga, restoran, kafega borishi uchun ham imkoniyat yaratadi. Bu bilan ularning yaxshi dam olishi uchun ham sharoit yaratiladi, keyingi ish kunlarida samarali ishlashiga yordam beradi. Hamma narsa bir-biriga bog‘liq.
Katta ko‘chalarda ko‘priklar qurilishi o‘sha yerda yashayotgan aholiga katta noqulaylik tug‘diradi. Ya’ni bir tomondan boshqa tomonga o‘tish ancha qiyin bo‘ladi. Masalan, Novza metrosi yoki shu kabi boshqa yerusti piyodalar ko‘prigidan o‘tish qiyinchilik tug‘diradi. Men o‘zim "shahar sotsiologiyasi"ni o‘qiganman. Shunda katta ko‘chalar, trassa, ko‘priklar aholini "bo‘lish"ga xizmat qilishi haqida gap ketadi. Bir tomondan boshqa aholi, boshqa tomonida esa qolgani yashaydi, orada aloqalar uzilishi mumkin. Yo‘lning boshqa tarafida turgan do‘kondan ikkinchi tomondagi iste’molchilar foydalanmaydi, bu savdoga ham ta’sir ko‘rsatadi. Aslida shaharda odamlar yo‘lda piyoda ketayotganida ham do‘konlarga kirish imkoniyati qilinadi. Agar faqat avtomobil orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri borish mumkin bo‘lsa, kichkina do‘kon, kichkina restoranlarda savdo "o‘ladi". Bu esa shahar iqtisodiyotiga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Bunday katta loyiha doirasida daraxtlar kesilishi, tarixiy binolar buzilmasa ham, keyinchalik qo‘shimcha "traffik" qo‘shilsa, vibratsiyalar bo‘lib, ularga zarar yetishi mumkin. Avtomobillar oqimi oshgach havoning ifloslanishi ham ortadi. Mana shunday holatlar yuzaga kelgach, hududdagi eski binolarni saqlab qolish katta xarajatga tushishi yoki keyinroq buzilishi mumkin.
Ayni vaqt yangi Toshkentning bosh rejasi tuzib chiqilmoqda. Shuni tayyorlashda o‘sha-o‘sha fikrlarni eski Toshkentga ham ishlataverish kerak. Singapurdan chaqirilgan kompaniyalar ishlab borishmoqda, mana shu mutaxassislarning fikri asosida ishlanilishi kerak. Shunda shahar ichida bunaqa yo‘l o‘tkazgichlari kerak emasligi ma’lum bo‘ladi.
O‘zi aslida barcha qurilishlarda bosh reja qilinsa, bunaqangi muammolar yuzaga kelmaydi. Avvaldan boshidan qanday bo‘lishi, savdo markazi qancha odamga qurilayotgani, ular qanday yetib borishi – bularning hammasi oldindan o‘rganilib, hisoblanishi, bosh rejaga yozilishi kerak. Qurilishni bitirgach bo‘lgandan keyin bu yerda nima qilamiz, deb yurmaslik lozim”, – deydi Temur Ahmedov.
Jamoatchilik reaksiyasi
Navoiy ko‘chasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi yuzasidan boshqa jamoatchilik faollari ham o‘z e’tirozini bildirmoqda.
Gazeta.uz nashri bu qarorni “bahsli” deb atab, yo‘l o‘tkazgich loyihasini amalga oshirishdan oldin, keng jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishga chaqirdi. Nashr o‘sib borayotgan avtomobillar oqimi bilan yo‘l o‘tkazgichlar va svetoforsiz yo‘llar qurish orqali kurashish eskirgan yondashuv ekanini qayd etdi. Bunday fikrning xatoligi jahon tajribasida ham, mahalliy tajribada ham o‘z isbotini topgan.
“Shahar ichida qurilayotgan barcha yo‘l o‘tkazgichlar keyingi chorrahalarda transport oqimining keskin oshishiga va tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda”, – deya shu yil boshida Toshkent shahar hokimligi e’lon qilgan prezident qarori loyihasidan iqtibos keltirgan nashr. Shahar transport infratuzilmasi bo‘yicha bunga qadar qabul qilingan hujjatlardan progressivligi va zamonaviy takliflarni o‘z ichiga olgani bilan ajralib turgan bu loyiha bir necha oy davomida ishlab chiqilgan, unda Toshkent halqa avtomobil yo‘li ichida yo‘l o‘tkazgichlar qurishni taqiqlash va boshqa takliflar o‘rin olgandi. Lekin hujjat ayni paytga qadar qabul qilinmadi.
“Barcha rivojlangan davlatlarda shaharlar markazida transport oqimi cheklanyapti – ko‘paytirilayotgani yo‘q”, – deya qayd etgan Gazeta.uz.
Davletov.uz Telegram-kanali asoschisi, jurnalist Qobil Xidirov bu borada eng yangi misollardan birini keltirdi.
“Misrning Aleksandriya shahrida dengiz sohili bo‘ylab avtomobillar tirbandligi muammosini hal qilish uchun hukumat ko‘p polosali yo‘l, yo‘l o‘tkazgich va boshqa yo‘l inshootlarini qurishga qaror qiladi. Sokin makon bo‘lishi kerak bo‘lgan sohil bo‘yi odamlar uchun noqulay hududga aylandi, tirbandlik muammosi ham hal bo‘lmaydi.
Shaharni mashinalar ehtiyoji va manfaati uchun o‘zgartirishga urinish alaloqibat shaharni noqulay qiladi, odamlar hayotini og‘irlashtiradi, ekologiya yomonlashadi. Ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar joylashgan hududni "o‘lik zona"ga aylantiradi. Shaharning me’moriy qiyofasi buziladi.
Toshkent shahri Navoiy va Abay ko‘chalari kesishmasida ham yo‘l o‘tkazgich qurish g‘oyasi ham yuqoridagi misol nuqtayi nazaridan yana bir karra o‘ylab ko‘rilsa nur ustiga nur bo‘lar edi”, – deya qayd etdi bloger.
Iqtisodchi Otabek Bakirov shahar ichida yo‘l o‘tkazgich qurilishidan bu boradagi davlat buyurtmasiga ega chiqadiganlar manfaatdor ekani, yo‘l o‘tkazgich ulardan boshqa hammaning hayotini qiyinlashtirishi va qimmatlashtirishini ta’kidlab, loyihani to‘xtatishga chaqirdi.
Tarixchi Eldar Asanov yo‘llarning kengayishi mashina oqimining ko‘payishiga sabab bo‘lishi jahon urbanistikasida o‘z tasdig‘ini topganini qayd etdi. “Shu bois zamonaviy shaharsozlik mashina harakatini cheklashga, yo‘llarni toraytirishga, piyoda harakatni va jamoat transportini rivojlantirishga qaratiladi. Umuman, bugun shahar mashinalar yo‘li emas, odamlar muhiti sifatida ko‘riladi”, dedi u.
“Pik Skartarisa” kanali muallifi shahar markazida yo‘l o‘tkazgich qurilishi faqat shahardagi muhit nuqtayi nazaridan emas, iqtisodiy jihatdan ham zarar ekanini aytdi. “Ish o‘rinlari, budjetga soliqlar va qulay shahar o‘rniga qizib turgan yer paydo bo‘ladi”, – deya qayd etdi u.
Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov Gazeta.uz'ning bu boradagi maqolasiga munosabat bildirgan.
“Shaharda tirbandlik masalasi dolzarb muammo bo‘lib turibdi. Yildan yilga vaziyat og‘irlashyapti. Agar bunday loyiha bo‘ladigan bo‘lsa ham, uni ishlab chiqishga eng yaxshi mutaxassislar jalb etiladi va, tabiiyki, jamoatchilik fikri inobatga olinadi. Hozir esa biror-bir xulosa chiqarish yoki taxminlar bildirishga erta”, – degan prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda yo‘l-transport boshqaruvini raqamlashtirish hisobiga “xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyili joriy etilishi, bunda ilg‘or xorijiy tajriba asosida tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda 12 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi ma’lum qilingan.
Bu ko‘priklar qayerlarda qurilishi ma’lum emas. Avvalroq yo‘l o‘tkazgichlardan biri 2024-2025 yillarda, Bunyodkor shohko‘chasi va 2-Qatortol ko‘chasi kesishgan chorrahada (poytaxt bojxona boshqarmasi oldida) qurilishi ma’lum bo‘lgandi.
Mavzuga oid
19:25 / 31.10.2024
Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi yana oshirildi
07:30 / 31.10.2024
Toshkentning uch tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
09:00 / 23.10.2024