Soha bo‘yicha yangi surishtiruvni boshlagandanoq bir narsa ko‘zga tashlandi – 2022 yilda Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun jami 4 ta imtihon o‘tkazilgan bo‘lib, ularning ikkitasi ommaga e’lon qilinmay o‘tkazib yuborilgan.

 

Agentlikning matbuot kotibiga izoh so‘rab murojaat qildik. U 2022 yilda faqat ikkita imtihon bo‘lib o‘tgani, qolgan ikkitasidan bexabar ekani, ammo aniqlashtirishini aytdi. Keyin haqiqatdan ham yana ikkita imtihon bo‘lib o‘tganini, faqat ular e’lon qilinmasdan o‘tkazilganini, hozirda holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Janubiy Koreyaga ishga borishga oshiqayotgan vatandoshlarimiz ko‘pligi va bu sohada korrupsiya borligi inkor etilmagani bois, shu holatning o‘zi gumonlarni uyg‘otish uchun yetarli.

Endi bu yilgi vaziyat haqida.

Kun.uz'ga bir guruh fuqarolar murojaat qilib, Migratsiya agentligi Janubiy Koreyada mehnat qilish imkoniyatini beruvchi imtihon kunlarini juda kech e’lon qilayotganidan shikoyat qildi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida vaziyatni o‘rgandik.

Agentlikning rasmiy kanalida 9 mart kuni “imtihon yaqinda o‘tadi” degan ma’nodagi qisqa e’lon joylashtirilgan.

Ammo Janubiy Koreya tomonining rasmiy saytida qayd etilishicha, bu yilgi imtihonlar 14 martdan 7 aprelgacha bo‘lib o‘tishi kerak. Ya’ni imtihonlar boshlanishiga sanoqli kunlar qolganiga qaramasdan, adadi 10 mingga yaqinlashadigan odam ishtirok etadigan imtihonlar imtihon o‘tadigan mamlakatning o‘zida e’lon qilinmagan edi.

Kun.uz muxbiri 10 mart kuni soat 16:13 da agentlik matbuot xizmati xodimi Ortiqxo‘ja Norov bilan bog‘landi va nega haligacha talabgorlar imtihon kunlari haqida ogohlantirilmagani sabablarini so‘radi. “Tasodif”ni qarangki, matbuot kotibi bilan bo‘lgan suhbatdan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas agentlikning Telegram kanalida imtihonlar 14 martdan 7 aprelgacha oraliqda bo‘lib o‘tishi haqida xabar paydo bo‘ldi.

Vaziyatning ichida bo‘lgan, holatdan xabardor bir necha manbalarning aytishicha, agentlik tomonidan imtihon sanalari oxirgi kunlarda e’lon qilinishi bejiz emas. Imtihon kunlarining imkon qadar kech e’lon qilinishi tuman va shaharlarda “faoliyat” yurituvchi, talabgorlardan pul olib, ishga yuborishni va’da beruvchi korchalonlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ko‘plab talabgorlar bexabar qolib, imtihonlarga ulgurmaydi va bunday vaziyatda korchalonlar o‘zlarining odamlarini “o‘tkazib olishlari” oson bo‘ladi.