14:46 / 29.04.2020
44280

Olot va Qorako‘l tumanlarida suv toshqini haqida uydirma tarqatib, vahima qo‘zg‘agan shaxslar ushlandi

27 apreldan 28 aprelga o‘tar kechasi Buxoro viloyati hududida kuchli shamol turishi oqibatida ko‘plab bino va inshootlar, infratuzilma tarmoqlari va obektlari talafot ko‘rdi.

28 aprel kuni Olot va Qorako‘l tuman fuqarolari «Olot tumanini suv bosadi deb», vahimaga berilib, oila a'zolari bilan birgalikda yashash manzillarini tark etib, Jondor tuman hududiga o‘tishga harakat qilishgan. Natijada yo‘llarda tirbandlik va tartibsizlik holati yuzaga kelgan.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, holat yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida Olot va Qorako‘l tumanlarida olib borilgan surishtiruv ishlari jarayonida aholi orasida asossiz vahima uyg‘otgan bir necha shaxs aniqlangan.

Nazarov Umar Itolmasovich, 1970 yilda tug‘ilgan. Olot tumani «Jayxunobod» mahallasida yashaydi. Ushbu shaxs Turkmaniston Respublikasining Farob tumani hududidan suv toshqini ko‘tarilib, Olot tumani hududi suv bosishi mumkinligi to‘g‘risidagi yolg‘on uydirmalarni qo‘ni-qo‘shnilari va mahalladoshlariga tarqatib, aholi orasida vahima uyg‘onishiga sababchi bo‘lgan.

Rahmatov Murot Hamroyevich, 1969 yilda tug‘ilgan. Qorako‘l tumani «Quvacha» mahallasida yashaydi. Ushbu shaxs ham Turkmaniston Respublikasidan suv toshqini kelishi to‘g‘risida eshitgan gaplarini tanishlari Mansurov Soyib va Ergashov Bobonazar orqali xalq orasida keng yoyilishiga sababchi bo‘lgan.

Norboyev Raximjon Narzullayevich. 1977 yilda tug‘ilgan. Qorako‘l tumani «Yangibozor» mahallasida yashaydi. Yashash manzili ko‘chasiga chiqib, fuqarolardan eshitgan toshqin to‘g‘risidagi yolg‘on xabarga ishonib, qo‘ni-qo‘shnilariga va tanishlariga aytib, ular vahimaga tushishiga sababchi bo‘lgan.

Mattiyev Otamurod Aminjonovich, 1995 yilda tug‘ilgan. Qorako‘l tumani «Quvacha» mahallasida yashaydi. 28 aprel kuni onasi Boqulova Fazolatdan suv toshqini bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlarni eshitib, qishloqdoshlari va tanishlari orasida vahima chiqishi hamda aholi tartibsizligiga qo‘shilib, vahima uyg‘onishiga sababchi bo‘lgan.

Yuqoridagi nomi keltirib o‘tilgan shaxslar bilan olib borilgan surishtiruv ishlari jarayonida haqiqatan ushbu harakatlarni sodir etib, xalq orasida vahima uyg‘onishiga sababchi bo‘lishganini tan olishdi hamda xalqdan kechirib so‘rab, videomurojaat taqdim qilishdi.

Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida Olot tumani markazida mahalliy aholi vakillari, faollar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Turar joylar va infratuzilma obektlarini ta'mirlash, aholiga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.

«Shu o‘rinda fuqarolarimizga murojaat qilib qolamiz, tabiiy ofat natijasida yuzaga kelgan holatda ortiqcha hissiyotlarga berilib, xalq o‘rtasida uydirma gaplar tarqatmang», deyiladi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabarida.

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top