O‘zbekiston rasmiy doiralaridagi manba belaruslik Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston haqida oxirgi bayonoti yuzasidan munosabat bildirdi. Unda bugungi kunda Belarusdagi muammolar «yashirib» qo‘yilgani bilan, butkul bartaraf etilmagani qayd etilib, Lukashenkoga o‘z mamlakati ishlari bilan shug‘ullanish tavsiya etilgan.

«Bu kabi qator tuturiqsiz bayonotlar birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan erishilgan davlatlararo munosabatlarning ruhi va darajasiga mutlaqo mos kelmaydi.

Hurmatli Aleksandr Grigorevich, avvalo, o‘z mamlakatining ichki va tashqi masalalari bilan shug‘ullansa oqilona yo‘l tutgan bo‘lar edi. Zotan, bugungi kunda Belarusdagi muammolar «yashirib» qo‘yilgani bilan, butkul bartaraf etilmagan. 

Bunday holatda o‘zini «rangli inqiloblar»ni bartaraf etish bo‘yicha yetuk «ekspert» sifatida ko‘rsatish, boshqa mamlakatlardagi vaziyatga baho berish va ularning tashqi siyosatini sharhlashga urinishning hojati yo‘q.

O‘zbekiston mustaqil suveren davlat sifatida o‘z kelajagiga nisbatan aniq qarashga ega hamda faqatgina xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda milliy taraqqiyot strategiyasi yo‘lida olg‘a intilishda davom etadi.

Yana bir bor barcha «maslahatchi»larga o‘z ishlari bilan shug‘ullanishlarini tavsiya qilamiz», deyiladi Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan munosabatda.

Lukashenko nima degandi?

Foto: Solovyov LIVE / YouTube

Aleksandr Lukashenko Rossiya hukumati propagandachisi bo‘lgan jurnalist Vladimir Solovyovga bergan intervyusida 1999 yilda Rossiya va Belarus ishtirokida tuzilgan Ittifoq davlati sobiq sovet respublikalari hisobiga kengayishi mumkinligini aytgan.

«Belarus allaqachon shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida]. Menimcha, Qozog‘iston uchun yaxshi dars bo‘ldi. Agar kelgusi 15 yilda deb oladigan bo‘lsak, ishonchim komil, agar biz xatoga yo‘l qo‘ymasak, Ukraina ham shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida] bo‘ladi.

Armaniston ham hech kimga kerak emasligini tushundi, aniq bizga qo‘shiladi. Ular kimgadir kerak deb o‘ylaysizmi? Ozarboyjon sal so‘roq ostida, chunki uni Turkiya juda qattiq qo‘llab-quvvatlayapti. Biz bu [Ozarboyjon] bo‘yicha ham ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, bu – alohida mavzu.

Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonga kelsak, menimcha, avvalo iqtisodiy zarurat tufayli ular ham qo‘shilishadi», –