Neft va gaz operatsiyalari bo‘yicha huquq faqat “M25” konining shartnoma hududiga taalluqli - Altmax Holding
Altmax Holding kompaniyasi o‘zining moliyaviy hisobotidan olingan jumla “O‘zbekistondagi barcha neft va gaz operatsiyalari 35 yilga berilgan” deya talqin qilinganini qoralab, bunda faqat Surxondaryodagi “M25” koni nazarda tutilganini ma’lum qildi.
“Kompaniyaning auditorlik tekshiruvidan o‘tgan moliyaviy hisobotida “O‘zbekiston Mustaqilligi” investitsiya blokiga nisbatan Mahsulot taqsimotiga oid bitimga (MTB) havola qilingan. Kompaniyaning O‘zbekistondagi neft va gaz operatsiyalarini amalga oshirish huquqlari ushbu MTBga nisbatan ko‘rsatilgan.
MTBda qo‘llaniladigan atamalar audit qilingan moliyaviy hisobotda katta harflar bilan aks ettiriladi. Hisobotda ko‘rsatilgan «Neft va gaz operatsiyalari» (katta harf bilan) atamasi, MTB qoidalariga muvofiq, investorning belgilangan ish hajmini (geologiya-qidiruv, konlarni o‘zlashtirish,, tabiiy gaz va oltingugurtni qazib olish, qayta ishlash, tashish va h.k.) bajarish bo‘yicha faoliyati sifatida belgilanadi. Va bu faqat MTBda ko‘rsatilgan “Mustaqillikning 25 yilligi» konining shartnoma hududlari doirasida tashkil etiladi”, – deyiladi kompaniya tomonidan 17 fevral kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga yo‘llangan maktubda.
Kun.uz'ga rasmiylar tomonidan taqdim etilgan maktubda, Altmax Holding “Ozodlik” radiosi jurnalistlarini iboralarni kontekstdan yulib olish va noto‘g‘ri talqin qilishda ayblagan.
“Jurnalistlar maqolasida iboralarni kontekstdan yulib, tushunchalarni almashtirish bor, deb hisoblaymiz. Jurnalistlar asosiy harflarni olib tashlash va shu tariqa yuridik atamani umumiy fuqarolik tushunchasi bilan almashtirib qo‘yish orqali kompaniyaning neft va gaz operatsiyalari hududi bo‘yicha o‘z o‘quvchilarini ataylab chalg‘itgan”, – deyiladi maktubda.
Surishtiruvda Altmax Holding kompaniyasining 2016 yilgi faoliyati bo‘yicha tuzilgan va KPMG tomonidan tasdiqlangan moliyaviy hisobotiga tayangan holda, O‘zbekistondagi barcha gaz va neft operatsiyalarini amalga oshirish huquqi Altmax Holding va yana ikki shirkatdan iborat kompaniyalar konsorsiumiga 35 yilga berilgani haqida aytilgan edi.
Holding tomonidan Jo‘rabek Mirzamahmudovga yuborilgan xatda moliyaviy hisobotning tegishli qismi tushunchalarning buzib talqin qilinishiga imkon qoldirmaydigan qilib tuzatilishi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq vazir Mirzamahmudov “M25” koni bo‘yicha Mahsulot taqsimotiga oid bitimga asosan investorlar va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida kondan olingan daromad 50/50 nisbatda taqsimlanishini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
09:35 / 10.12.2024
Birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi ikki barobar oshiriladi
15:25 / 06.12.2024
Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytiradi
19:04 / 02.12.2024
Bloomberg: Britaniya shamol elektr stansiyalari ishlamasligi uchun milliardlab pul sarflamoqda
15:14 / 02.12.2024