Davlat dumasi 10 mart kuni Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

  • «Yedinaya Rossiya» va LDPR deputatlari dumaga muddatidan avval saylovlar o‘tkazishni taklif qildi.
  • Valentina Tereshkova prezidentlik muddatini boshidan hisoblash taklifi bilan chiqdi, bu Vladimir Putinga yangi saylovlarda ishtirok etish imkoniyatini beradi.
  • Tereshkovaning taklifidan so‘ng Putin Davlat dumasiga keldi va deputatlar oldida chiqish qildi.

Putin dumaga muddatidan avval saylovlar o‘tkazish va  prezidentlik muddatlari soniga qo‘yilgan cheklovni olib tashlash uchun zarurat ko‘rmayotganligini aytdi. Ammo prezidentning vakolat muddatlarini boshidan hisoblashni nazarda tutgan o‘zgartirish Konstitutsiyaviy sud tomonidan qo‘llab-quvvatlansa va rossiyaliklar buni yoqlab ovoz beradigan bo‘lsa, qarshi emasligini bildirdi.

Muddatidan avval saylovlar o‘tkazishni kim taklif qildi?

10 mart kuni Davlat dumasi yig‘ilishi boshlanishi oldidan LDPR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy 20 sentyabrda Davlat dumasiga muddatidan avval saylovlar o‘tkazishni taklif qildi. 

«Agarda yangilangan Konstitutsiya aprelda kuchga kiradigan bo‘lsa, u holda yangi parlament yangi vakolatlar bilan faoliyat ko‘rsatishi uchun Davlat dumasiga muddatidan avval saylovlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi», dedi u.

Jirinovskiy shuningdek, davlat rahbarini saylash vakolatlarini Davlat kengashiga o‘tkazishni taklif qildi.  

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida «Yedinaya Rossiya» partiyasi hammuassisi va partiya oliy kengashi a'zosi Aleksandr Karelin muddatidan avval saylovlar o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

«Yangi vakolatlarimiz uchun yangi saylovlar o‘tkazish ma'qul bo‘ladi deb hisoblayman», dedi u. 

«Spravedlivaya Rossiya» yetakchisi Sergey Mironov bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi. Kommunistik partiya esa bunga qarshi chiqdi.  

Karelinning chiqishidan so‘ng deputatlar Konstitutsiyaga Davlat dumasidagi jami deputatlarning uchdan ikki qismining ovozi bilan duma vakolatlari muddatini qisqartirish qarorini qabul qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi tuzatishni kiritdi. U holda Rossiya prezidenti Davlat dumasiga yangi saylovlar o‘tkazilishini belgilaydi.