Bandlik vazirligi ish vaqtidan tashqari ishga majburlash va kambagʻallik koʻrsatkichlarini soxtakashlik yoʻli bilan qisqartirish holatlari haqida bayonot berdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hududlarda xodimlarni ish vaqtidan tashqari, shuningdek, dam olish kunlarida turli topshiriqlarni bajarishga majburan jalb etish holatlari yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Davlat mehnat inspeksiyasi ogohlantiradi: majburiy mehnat qonunchilik bilan taqiqlangan. Xodimni jazo yoki bosim tahdidi ostida, uning roziligisiz mehnatga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, "Ijtimoiy reyestr"dagi fuqarolarni asossiz yoki majburan reyestrdan chiqarish holatlari ham kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolarning davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya va koʻmaklardan foydalanish imkoniyatidan mahrum boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Unutmang! Hech qanday topshiriq xodimning mehnat huquqlarini yoki fuqaroning ijtimoiy himoya huquqlarini cheklash uchun asos boʻla olmaydi.

Murojaatlar oʻrganilib, holatlar tasdiqlangan taqdirda, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar koʻriladi.

Hududlardagi rahbarlarga ham bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan tegishli ogohlantirish yuboriladi”, – deyiladi vazirlik bayonotda.

Bosh prokuratura nazorat qilishi kerak

Eslatib oʻtamiz, 16-iyul kungi selektorda Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sunʼiy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotganini tanqid qilgandi.

“Buning oqibatida ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandini bogʻcha va toʻgarakka berish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. 184 ta mahallada bir oy ichida kelgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz rad qilingan. [...] Shu sababli reyestrga kirish masalasida prezidentga murojaatlar yil boshidan 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingga koʻpaygan”, – degandi davlat rahbari.