O‘zbekiston | 19:41 / 10.04.2023
14861
3 daqiqa o‘qiladi

Tashabbusli budjet uchun ovoz yig‘ishga majburlash majburiy mehnatga jalb qilish sifatida baholanadi

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorda tizimga oid bir qator vazifa hamda qoidalar belgilandi. Jumladan:

  • 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 1 309 ta loyiha uchun ham qo‘shimcha ravishda 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratiladi;
  • 2023 yil 1-mavsumda g‘olib deb topilgan 2 975 ta loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi qat’iy nazoratga olinadi.

Bunda:

— jihozlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish so‘nggi muddati etib joriy yilning iyul oyi;

— qurilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish so‘nggi muddati etib avgust oyi belgilanadi;

  • tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari doirasida budjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanadi. Bunda, majburiy ovoz yig‘ishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi;
  • tashabbusli budjet jarayonida ovoz to‘plash va g‘oliblarni aniqlash mexanizmini tanqidiy ko‘rib chiqish, jumladan keng jamoatchilik bilan muhokama qilgan holda takliflar ishlab chiqishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilga kelib ayrim joylarda Tashabbusli budjet loyihasini obro‘sizlantirishi mumkin bo‘lgan holatlar kuzatildi. Jumladan, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan birida o‘quvchilar dars tugamay, ustozlari tomonidan sim-kartaga pul olib kelish uchun uyiga jo‘natilgandi. Bu sim-kartalardan Tashabbusli budjet doirasida ovoz berish uchun foydalanish mo‘ljallangandi. 

Shuningdek, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi maktabda o‘quvchilar dars paytida quyosh paneli uchun ovoz yig‘ishga jalb etildi.

Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi esa Tashabbusli budjetda ovoz to‘plash bo‘yicha “plan” qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid