Jahon | 10:29 / 25.09.2016
7361
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashi Suriya masalasi bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish o‘tkazadi

Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik kengashining Suriya masalasidagi shoshilinch yig‘ilishi bugun Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlanadi.

Bu yig‘ilishni o‘tkazish tashabbusi AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan bildirilgan.

Bundan oldinroq Frans Press nashri Halabdagi harbiy harakatlarning davom ettirilayotgani munosabati bilan uchrashuv o‘tkazilishi haqida xabar bergandi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 9 sentabrdagi Jyenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, Suriya masalasida besh to‘plamdan iborat kelishuv shartlarini qabul qilgan edi. 

12 sentabr kuni yarashuv haqidagi bitim amalga kirdi, ammo bir hafta o‘tmasdanoq avvaliga Suriya harbiylari hujumga uchradi, so‘ng BMT insonparvarlik yordami o‘qqa tutildi va harbiy harakatlar qaytadan boshlanib ketdi.

22 sentabr kuni Suriya hukumati sulhning amal qilish muddati tugagani haqida e'lon qilib, Halabga yurish boshladi. Harbiylar tinch aholi vakillarini hujum haqida ogohlantirib, ulardan jangarilarning harbiy obektlaridan uzoqroq bo‘lishni so‘radi. Suriya armiyasi jiddiy tekshiruvlar olib borilgachgina, obektlarga hujum qilinayotganini bildirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid