Keyingi kunlarda internetning özbek kontentida öqituvçilar bilan boğliq holatlar keng muhokama qilindi. Özbek blogerlari şu mavzuda blogpostlar yozişdi. Xususan, Sanjar Said öqituvçilarni öz holiga qöyişga çaqirdi, Alp Arslon taxallusli bloger öqituvçilar millatga eng kerakli odamlar ekanini eslatdi, Diyor Imomöjayev esa hamşiralar va öqituvçilar bugungi kunda qanday darajaga tuşirilganini bayon etdi.
Darvoza taqillab qoldi. Çiqsam ikki kişi velosipedini devorga suyab, çiqişimni kutayotgan ekan. Biri maktab direktori, ikkinçisi öqituvçi. Prezident virtual qabulxonasiga murojaatim böyiça kelişibdi. Tuman markazidan markaziy şifoxonaga boriş yölida oqova suv çiqib ketişi uçun çuqur qilib qazilgan ariq böyiça şikoyat yozgandim. Amal-taqal qilib quvur kömib töğirlaşgan bölib, orqasidan şikoyatim böyiça e'tiroz yöqmi, bölsa ariza, bölmasa dalolatnoma yozib kelinglar, deb öqituvçilarni jönatişibdi.
“Ertalab virtual qabulxonaga şikoyat tuşgan, tez yetib keling, deyişsa borgunça bölarim böldi, — deydi direktor. – Şahardagi hamma maktabni direktorini çaqirtirişibdi, tuman böyiça şikoyatlarni örganiş uçun bölib berişdi, haliyam bizga uçtasi tuşdi, maşinasi borlarga 18talab şikoyat ajratildi…”
Özimni yomon körib ketdim. Beçora öqituvçilarni ovora qilganimdan vijdonim qiynalayapti. Boşqa şikoyat yozmayman, deb qat'iy ont içdimu ammo pedagoglar holidan açiniş hissidan xalos bölolmayapman.
Qiziq, ular bolalarga dars ötişga ham vaqt ajrata olayaptimi? Öquvçilarning özlaştirişi nima uçun tuşib ketgan, deb savol berib, pedagoglar nomiga har turli malomatlarni aytayotganimizda ularning vakolatiga kirmaydigan işlarga öralaşib qolganini hisobga olayapmizmi? Menimça yöq! Faqat ayblayapmiz, haqorat qilişgaça borayapmiz. Şu işimiz insofdanmi?! Qayoqqa qarab ketayapmiz?! Özbekistonda öqituvçi qilmagan iş, boş suqmagan soha qoldimikan? Tekin mardikor, mömin-qobil öqituvçini eşak qilib minib, işga borib-keliş qoldi şekilli!
Men aqlimni taniganimdan keyin ozgina bölsa-da Sobiq Ittifoq davrini ham körib qolgan insonlardan biriman. Kim öşa davrni maqtasa maqtayversin, ammo men uçun öşa tuzum ham, öşa davlat ham manfur bir tuzum, manfur bir davlat bölib qolaveradi. Xudo taqdir qilsa öşa tuzumning, öşa davlatning jirkanç siyosatini hali nabiralarimga ertakday qilib hikoya qilib berişim bor.
Esimda, endi mustaqil bölganimizda katta minbarlarda davlatimiz rahbarlari xam, OAV ham tinmay öşa manfur tuzumni yomonladilar. Qöşilib men ham yomonladim. Öşanda biz haq edik. Tuzum ançayin jirkanç bölgan.
Ayniqsa bizga milliy ozçilik millatlarini özini, özligini anglaşlariga qattiq qarşilik körsatgan. Va şu yölda maorif sohasini doim ölda-jölda uşlagan. Ya'ni, reja böyiça aholini savodxonligi 100 foizga yetkazilgan, ammo mayda millatlarning ilm bilan qattiqroq şuğullanişlari uçun şaroit yaratib berilmagan.
Hozir bu gaplarimni öqib qaysidir bir «aqlli»ning kallasiga «öşanda bizda ilm uçun hamma şaroitlar bölgan» degan fikr ham kelayotgandir. Töğri, balki şunday bölgandir, ammo men bu yerda asosan maktab ta'limini, maktablardagi şaroitlarni nazarda tutib yozayapman.
Endi aniqroq gaplarga ötsam. SSSR ötgan asrning 60-yillaridan boşlab to tarqalib yöqlik qa'riga yöq bölib ketgunça «AQŞni quvib ötamiz» degan axmoqona şiorni dastak qilib uşlab olib, şu yölda kosmosni özlaştiriş bahonasida hisobsiz mablağni behudaga sarflab yuboravergan. Ammo, boşqa milliy respublikalarni bilmadim-u bizning Özbekistonimizda aynan maktab ta'limini rivojlantiriş, maktabdagi şaroitlarni yaxşilaş uçun heç iş qilmagan.
Endi, hozirgi kunda bitta raketani uçiriş uçun milliard dollar atrofidagi mablağ sarflanayotganini oçiq yozişayapti. Ba'zilar maqtayotgan öşa manfur tuzum esa bir yil 365 kun bölsa har yili 365ta raketani turli maqsadlar uçun koinotga uçiravergan. Ammo yoş avlod uçun, bolalar uçun zamonaviy maktablarni qurib bermagan.
Isboti - tumanimizdagi men bilgan va körgan maktablarimning aksariyati ötgan asrning 60-80 yillarida haşar yöli bilan paxsadan tiklangan maktablar edi. Tumanimizda ikki qavatli qilib, zamonaviy loyiha asosida qurilgan maktablar ham bor edi. Ammo ular barmoq bilan sanarli edi. Nafaqat tumanimizda, balki butun respublikamizdagi aksariyat maktablar şu yöl bilan tiklangan edi. Ha, kunora millardlab rublni sarflab «Amerikadan ötamiz» deb kosmosga raketa uçira oladigan davlat bolalarga zamonaviy maktablarni qurib berişda negadir «mablağ topa olmas» edi.
Ana öşa paxsadan haşar yöli bilan tiklangan maktablar mustaqilligimizdan keyin 2005-2009 yillarda batamom buzib taşlanib zamonaviy qilib pişiq ğiştdan tiklandi.
Xöş, Sovet Ittifoqi deb nomlangan va ba'zilar hanuzgaça «zör davrlar edi» deb oğzidan bol tomib maqtaydigan davlatda zamonaviy qilib maktab quriş uçun pul yöq edimi yoki pişiq ğişt topilmas edimi? Hammasi bor edi. Şunçaki Kremlda ötirgan janoblar özbekning yoki tojikning yoki qirğizning bolasiga unday zamonaviy maktablarni ravo körişmasdi xolos.
Yoki yana bir dolzarb masala bu ötgan asrning 50-60 yillaridan boşlab ana şu «Uluğ davlat»da «paxta kampaniyasi»ga zör berilib öqituvçi va öquvçilarni öqiş boşlangan sentabr oyidan qariyb yangi yilgaça paxta dalalariga haydab qöyiş edi.
Bunda ham maqsad bizga öxşagan millatlarning savodi çiqsin, ammo haminqadar bölib yuraversin niyatida edi. Ya'ni savodxonlik 100 foiz bormi, bor. Bolalar maktabga çiqayaptimi, çiqayapti. Böldi, şuning özi yetarli. Savodxonlik undan oşirilsa bu millatlar özini taniydi, özligini taniydi. Undan keyin esa mustaqillik xohlab qolişi mumkin. Şu uçun ham bu millatlar savodini uç bahoga yaraşa çiqarsin-u dexqonning bolasi dalaga çiqsin, çöponning bolasi esa suruvga. Ha şörolarning siyosati şu edi.
Yuqorida ham aytdim mustaqillikning ilk yillarida mana şu yuqorida men yozgan holat rosa köp tanqid qilindi, ammo…
Ammo öqituvçiga, öquvçiga munosabat özgarmadi.
Töğri, zamonaviy maktablar qurildi. Ammo ming afsuslar bölsinki hanuzgaça öqituvçilarga öziga boğliq bölmagan köplab yumuşlar buyurilayapti.
Hali metallom rejasini topşirişadi, hali makalatura yiğiş deganday. Kuzda esa navbati bilan paxtaga boriş kerak. Esimda 3-4 yil oldin öqituvçilar hatto namunali uy-joy qurilişiga haşarga ham bordilar.
Umuman olganda biz öşa Sovet Ittifoqi deb atalmiş tuzumning hamma narsasidan voz keçdik. Faqatgina mana şu oğriqli muammo bölmiş öqituvçilarga munosabatdan boşqa.
Hamon şörlik öqituvçilar özlariga tegişli bölmagan xizmatlarda yurişibdi.
2016 yilning sentabr oyidan vaqtinçalik Prezident lavozimiga tayinlanganlaridan boşlab, keyinçalik xalq tomonidan Prezident etib saylanganlaridan keyin Prezidentimiz Şavkat Miromonoviç Mirziyoyev hamma sohalarda katta-katta islohotlarni boşlab yubordilar. Endi ana şu islohotlarning bir şamoli Xalq Ta'limi Vazirligi va uning viloyat, tuman bölimlariga ham yetib kelişi kerak va öqituvçilar özlariga tegişli bölmagan turli «xizmatlar»dan batamom ozod qilinişlari kerak. Bunda albatta mahalliy hokimliklarning roli ham bor. Çunki ayrim xizmatlar öqituvçilar gardaniga ular tomonidan ham yuklanmoqda.
Bundan buyoğiga öqituvçi öz vazifasini bajarişi lozim.
Umid qilamiz, yaqin vaqtlarda hukumatimiz va Prezidentimiz bu oğriqli muammoga ham e'tibor qaratadilar va öqituvçilarning gardaniga ilinayotgan turli «xizmatlar» ularning gardanidan olib taşlanadi.
Zero bu millatga öqituvçilar hammadan köra köproq kerakdirlar.
Onam hamşira bölib işlaydi. Şifoxonasida hurmat qilişadi. Qöli yengil bölgani uçun uning işga qaytişini kutib ta'til vaqti ötişini kutadigan bemorlari borligini bilaman.
Meni katta qilgan rahmatli buvim esa öqituvçi edi. Boşlanğiç sinflarga dars bergan, menga alifboni örgatgan ayol. Keyinroq unga umuman aloqasi yöq boşqa maktabda öqiy boşlaganimda buvim haqida faqat yaxşi gaplar eşitganman.
Ular topadigan pul özidan ortmaydi. 600-700 ming oylik yölkirasi, tuşligi va boşqa xarajatlari uçun ketib qoladi. Işlaşidan maqsadi tirikçilik emas, şunçaki böş ötirgisi kelmaydi. Odamlarga nafi tegişini, zamondan ortda qolib ketmaslikni istab, işiga oşiqadi. Biz şunisiga şukr qilamiz. Işi bilan ovunib yursa, yaxşi iş bilan maşğul bölsa, eng muhimi salomat yursa şuning özi baxt.
Bugun ular kabilarga oson emas. Masalan onam soat 7da uydan çiqib ketişi kerak. Qiş kunlari bu vaqtda quyoşdan asar ham bölmaydi. Bemorlariga bir qarasa, qaraganligi töğrisida ikki bet narsa yozadi, qayd etib borişi kerak hammasini. Palatalari uçun ajratadigan vaqtidan jurnal töldiriş uçun ketadigan vaqti uç marta köproq bölsa ajablanmayman. Negadir rivojlangan mamlakatlarda unday emas. Bemorning şaxsiy varaqasini kompyuterga kirgazib boradigan butunlay boşqa ştat bölişi kerak, adaşmasam.
Onam uyga kelganidan keyin prezident kitoblarini, şunga öxşaş boşqa qöllanmalarni öqib çiqişi kerak. Soğliqni saqlaş vazirligi kategoriya uçun imtihon olib turadi. Bulardan taşqari turli kasalliklar va şunga öxşaş masalalarni soat 11-12gaça varaqlab çiqadi. Vaholanki tonggi soat 7da uydan çiqib ketişi kerak.
Bitta savoliga közim tuşib qolgandi, çaqaloqni neça gradusli suvda çömiltiriş kerak. Variantlar 33, 34, 35, 32. Taxminan şunaqa edi. Onam uç öğilni kasal qilmay, soğlom qilib katta qilgan. Sovuq yoki issiq suvda çömiltiriş mumkin emasligini yaxşi biladi, lekin bir-biriga juda yaqin graduslarda masalan adaşib ketişi mumkin-da. Bu-ku mayli, özini sohasi deylik (aslida u tuğruqxonada işlamaydi va yoş bolalarga qaramaydi). Şoşilinç vaqtda, bemorning ahvoli oğirlaşib qolganida prezident asarlarida yozilgan mavzu yordam bermaydi, menimça. Universitetda öqiş davomida öşa kitoblarni mutolaa qilganmiz köpçiligimiz, ilojini topsa hamma öqişi kerak bölgan kitob deb bilaman. Biroq hamma narsani murakkablaştirişdan nima naf, tuşunmayman. Uning örniga doktorlar uçun asqatadigan amaliy darslar, nazariy bilimlarni egallaş imkoniyati berilsa, ong keragidan köp informatsiyani qabul qilavermasa hayot nisbatan osonroqmikin, deb öylayman. Öşa beqiyos kitoblar boşqa soha vakillari uçun juda asqatadi, tavsiya qilaman. Biroq uning yozilişi şundayki, qaysidir soha vakillari majburiy öqişdan mazmuniga yetib bora olmasligi mumkin.
Balki qaysidir hamşirani imtihondan yiqitiş ham kerakdir. Har yili minglab kadrlar kollej va litseylardan yetişib çiqadi, ularni iş bilan ta'minlaş lozim. Bizda ular uçun yangi iş örinlari yaratib, qaydlar uçun alohida ştat oçib, hamşiraning e'tiborini esa köproq bemorga qaratiş eriş tuyular balki. Şu hamşira şoşilmasdan, keksa odamlarga iliq munosabatda bölsa, holidan köproq xabar olsa bu bemorga ham ijobiy ta'sir qiladi degan fikrim bor, yana ham ularning özlari bilguvçi.
Haftada olti kun işlaydi hamşira ham, öqituvçi ham. Ba'zida yakşanba kuni şanbalik uçun çaqirib turişadi. Olti kun işlagani yetmaganidek, yettinçi kun köça-köyni tozalaydi. Bu yaxşi iş, xayrli iş. Aynan şuning uçun ajratilgan ştatlar ulgurmasa kerak. Yoki tozalik uçun alohida mablağ ajratiş qiyindir. Paxta mavsumida kelganida hamşira ham, öqituvçi ham unga jalb qilinadi. Buni ularning hammasi biladi.
Öqituvçida yozuv-çizuv yanada köproq. Har bir bola uçun javob berişi kerak. Uyda 2 bolani eplaş qiyin, u esa har soatida 40 bolani uşlab ötirişi kerak. Orasidan qaysi biridir özlaştira olmasa, öqituvçi aybdor böladi. Rivojlangan mamlakatlar sinfxonalarini tan olaman, kinolardagi kartinalar orqali bilaman. Köpi bilan 20 öquvçi ötiradi sinfxonada, undan köp emas.
Oyim yozilgan işlarni uyiga olib kelib tekşirardi biz ovqatlanib ötirganimizda. Işida ulgurolmay qolganlari bölgan albatta. Unda ham şanbalik, yakşanbalik degan narsalar bor. Yetmaganiga har bir bolasining ortidan uyiga borib keladi. Neça kundadir bir maktabni qöriqlaydi (bir töda bezorilar kelib qolsa kak raz iş beradi-da). Xullas, men bilmagan yana qança tomoni bor.
Biz esa öqituvçilarni, şifokorlarni ketib qolgan joyidan ortga qaytarmoqçimiz. Bilmadim bu qançalik amalga oşadi, çunki ular sönggi çora sifatida çetdan iş topgan. Hammasi valyutada oylik oladi, paxta termaydi, şanbalik qilmaydi, tonnalab narsa yozmaydi. Işi öziga yoqadi, qulaylik bor, buyruqvozlikdan yiroqda.
Masalan ular nega ketib qolgandi degan savolni berişimiz mumkinmi? Oyligi kammidi? Bankdan-ku valyuta ololmaydi, köça kursiga çaqqanida oyligi qançani taşkil qilmoqda, borib kelişi, yeb-yeçişiga yetmoqdami deb savol berib körsak bölarmikin? Men bir narsaga işonaman, Özbekistonda odam oçidan ölmaydi. Xudoning nazari tuşgan, tökin-soçinlik bor joydamiz, şukr. Heç bölmaganda qöşni 1 kosa ovqat çiqarişi mumkin. Yuqorida ham aytdim, onam ham, buvim boyib ketiş uçun işlamaydi deb. Ularning juda köplab hamkasblarida ham balki şundaydir. Topayotgan puli kuniga yarab turibdi, şukr. Bunga mayli e'tiroz yöq. Ortiqça narsalarçi? Nega ularning yumuşini yengillaştiriş haqida öylab körmaymiz?
Men imtihonlarga qarşi emasman. Biroq unda saviya va mantiq bölişi kerak deb hisoblayman. Dunyoning jamiki muammosini hamşiraning miyasiga suqib kirgaziş men uçun tuşunarsiz ideologiya. Terrorçilar, tinçlik, siyosiy vaziyat, istiqlol va şular qatoridagi masalalarni odamlarimiz TV yoki matbuot orqali ham bilib bormoqda. Ular ham yaxşini yomondan ajrata oladi. Maktab öquvçilari, oliy öquv yurti talabalari örganişi, tuşunişi kerak bölgan narsalar, demoqçiman-da. Juda bölmaganda oyda bir yaxşi roliklar, prezentatsiyalar bilan şu hamşiralarni boxabar qiliş, ularning bilimini oşiriş mumkin, qöliga bir tom kitob berib, 1 oydan keyin imtihon demasdan.
Onam öşa imtihondan ötib oldi, xayolingiz boşqa joyga ketmasin. Lekin qiynalib ketdi, çidab, işlab yuribdi. Buni özim körib turibman. Öqituvçilar esa bolalarning butini yirtib taşlaydigan holatga kelişni boşladi, köryapsiz. Bu aslida ogohlantiruvçi qönğiroq. Hamma narsani birgina buyruq bilan hal qiliş qiyin. Çetga çiqib ketgan öşa aqlli insonlarning katta qismi mana şunday holatdan aziyat çekkandi. Tuşuntirmoqçi, asoslab bermoqçi bölgan. Biroq buyruqni sözsiz bajarişga örgangan va kamida öşa olimdagi bilimga ega bölmagan kişilar bunga yöl bermagan. Vatanni taşlab ketiş esa sönggi çora, bu ularga ham oson emasdi.
Özgarişlarga oşiqayotganimizdan xursandman. Bularning bari hayotimiz yaxşilanişi uçun ekaniga işonaman. Şu işga bel boğlagan odamlardan oddiy mehnatkaşlar ahvolini tuşunişni iltimos qilaman. DAN xodimi töxtatib beradigan gul, şifoxona yoki maktabga keladigan sovğalardan köra köproq, şu işçilarning işini yengillaştiriş şod qilsa kerak ularni. E'tibor bering, odamlar topayotgan pulidan emas, iş tizimidan, mexanizmidan nolişni boşladi. Bitta odam birdagina 4-5ga bölina olmaydi. Işi sifatli bölişi uçun u öz sohasi va muammolari haqida izlanişi kerak köproq, ortiqçasi ortiqça, fikrimça.