KUN.UZ tahririyati Bekobod tumani Zafar shaharchasi Guliston MFY Usmon Nosir ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardagi kommunal holat, turarjoy binolari atrofidagi sanitar vaziyat, kanalizatsiya va ayniqsa hojatxona muammosi haqida o‘tgan yil sentabr oyining oxirida maqola e'lon qilgan edi.
Tahririyat maxsus muxbirlari yuqoridagi masalalar qanchalik ijobiy hal etilganini tekshirish maqsadida Zafar shaharchasiga yana bordi.

Joyiga borganimizda ochig‘i o‘zgarishlarni sezmadik. Birgina eski, yaroqsiz, foydalanilmayotgan, hamon atrof-muhit sanitar holatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatishda davom etayotgan hojatxonaning tashqi tomoni oqartirilgani va yangi hojatxona uchun mo‘ljallangan handaqning kovlangani, atrofi beton qilinganini aytmasak.
Shu yerda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan suhbatlashganimizda tuman hokimi kelib aholi bilan uchrashgani, biroq kanalizatsiya masalasini ijobiy hal etish juda katta mablag‘ turishi evaziga qisqa davrda hal bo‘lmasligini ochiq aytganini bildirishdi. Yangi hojatxona qurish bu yilgi rejaga kiritilgani va handaq kovlanganini aytishdi. Ushbu bino qurib bitkazilganidan so‘ng, o‘zboshimchalik bilan qurilgan hojatxonalar buziladi, hovli va atrofi tozalanib, bolalar maydonchalari barpo etilishiga hokimlik va'da berishganini ta'kidlashdi.

Guliston MFY raisi Ilhom Boltaboyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi hojatxona erkak va ayollar uchun 2 tadan 4 tuynukli bo‘ladi. Atrofdagi 10 ta 2 qavatli uyda 130 atrofida fuqaro istiqomat qilishi e'tiborga olinsa, bu kamlik qilmaydimi, degan savolimizga, ko‘pchilik xonadonlariga hojatxona o‘rnatib olganlari sababli, hamma ham tashqariga chiqmasligini, uyiga o‘rnatmaganlarga yetarli ekanini aytdi.


















