O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19—20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘lgandi. Tashrif davomida 19 yanvar kuni Qiziriq tumanida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi.

Prezidentning ushbu yig‘ilishdagi nutqidan yana bir audio «Kun.uz» tahririyatiga yetib keldi. Ushbu to‘rt yarim daqiqali audioda prezidentning Milliy xavfsizlik xizmatining yuqori martabali rasmiylariga qaratilgan keskin tanqidlari aks etgan. Prezident MXXning yana bir necha amaldorlarini sotqinlikda ayblaydi.

«Bugun Boysun MXX rahbari mayor Eshquvvatov Sunnatullo Ravshanovichni ishdan oldirdim. Negaki, bular o‘z o‘rnini bilmadi, o‘z ishini qilmadi. Milliy xavfsizlikdagilar Surxondaryoni o‘ldirgan. Ikki-uch sotqin, davlat sotqinlari ishlagan.

Hammasidan xabarim bor. Angor tumanidagi boshliq Abdumo‘'minov Bahrom, tergov bo‘limi boshlig‘i kapitan Berdimuhammedov ham ishdan olindi.

Bular Surxondaryoni ot o‘yin qilib tashlagan. Hamma tizimni egallagan, hamma tashkilotni egallagan. Yana bir-ikkitasi Toshkentda yuribdi, borib ishdan olaman.

Polkovnik Haydarov ham sotqin. Uniyam, boshqalariniyam ishdan oldim», degan prezident.

Shundan so‘ng prezident yig‘ilishda ishtirok etayotgan MXX raisi o‘rinbosari Ravshan Sobirovich Yusupovga murojaat qilgan.

«Gaplarimni yetkazdingmi? Yana bir marta yetkaz, endi hammang majlisga kelib o‘tirasan. Tumandagi majlisgayam. Oyog‘ing yerdan uzilmasdan, majlisda o‘tirasan. Yo‘qsa, menga bunday xizmat kerakmas. Shu paytgacha poraxo‘rlik qilib, hammayoqni sharmanda qilib keldinglar. Tushunarlimi, yo‘qmi?», deydi prezident va tasdiq javobini oladi.

Shundan keyin prezident MXX raisining 3 o‘rinbosarini ishdan olgani haqida ma'lum qilgan.

«MXXning generallarini, uchta rais o‘rinbosarlarini ishdan olib tashladim. Surxondaryoda ishlab ketgani bor edi, Toshpo‘latov (Shuhrat Toshpo‘latov - 2017 yilning iyulidan MXX raisi o‘rinbosari, Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarma boshlig‘i -tahr) g‘irt o‘g‘ri edi», deydi prezident.

«Men bu yerga xalqqa halol xizmat qilish uchun kelganman. Bu noinsoflarni bilaman, yerga qarab yuribdi. Hali hammasi joy-joyiga tushadi. Shuni bilinglar.

Hokim, hokimiyatdagi to‘rtlik mening vakilim. Qo‘rqmanglar. U zamon tugadi. Ularga otasidan qolgan vakolat yo‘q. Hech kimmas bular. Bularning qo‘lidan kabinetda o‘tirib, g‘o‘ddayishdan boshqasi kelmaydi. Bularning g‘o‘ddayishi davlatga og‘ir tushdi.