Rossiya Milliy gvardiyasi rahbari Viktor Zolotov Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi rahbari Aleksey Navalniyga videomurojaat yo‘llab, uni duelga chorladi. Avgust oyida Rosgvardiyani harbiylar uchun mahsulotlarni oshirilgan narxlarda sotib olishda ayblab chiqqan Navalniy ayni vaqtda ma'muriy jazo sifatida 30 kun muddatga qamalgan.

Foto: © RIA Novosti /  Maksim Blinov, Mixail Klimentev
«Undan sersuv kotlet tayyorlayman»: Rosgvardiya rahbari Navalniyni duelga chorladi (video)

Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi 23 avgust kuni Rosgvardiya uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishidagi qoida buzilishi bo‘yicha tekshiruvlari natijasini e'lon qilgandi. Fond xodimlari aniqlashicha, 2017 yil dekabrida «Myasokombinat «Drujba narodov» MJCh Rosgvardiya uchun yagona yetkazib beruvchiga aylangach, mahsulotlar uchun narxlar bir necha bor ko‘tarilgan. «Drujby narodov» xo‘jayini sifatida Boris Kantemirov ko‘rsatilgan — u o‘z vaqtida Ichki ishlar vazirligining Ichki qo‘shinlari Markaziy arxivida boshliq bo‘lgan. Rosgvardiya 2016 yilning aprelida aynan Ichki qo‘shinlar bazasida tashkil etilgan. IIV ichki qo‘shinlari boshlig‘i bo‘lgan Viktor Zolotov Rosgvardiya rahbariga aylangan.

Viktor Zolotov. Foto: RIA Novosti

Fond materiallarida karamning 1 kilogrammi o‘tgan yili 14,96 rublga xarid qilingani holda, bu yil 46,78 rubldan sotib olinayotgani, narx o‘tgan yildagidan 3 barobar qimmatlashgani aytilgandi. Piyozning 1 kilogrammi esa o‘tgan yili 16 rubldan, bu yil esa 37 rubldan sotib olinmoqda. Olma sharbatining narxi ham ikki barobar oshgan - 1 litri uchun 40 rubl o‘rniga 87 rublga. Kartoshka, sabzi, yog‘ va boshqa mahsulotlar bilan ham shu ahvol.

Rosgvardiya va «Drujby narodov» o‘rtasidagi shartnoma hajmi 2 milliard 400 million rubni tashkil etgan.

Rosgvardiya uchun belgilangan narxlar nafaqat o‘tgan yildagi narxlardan, balki hozirgi bozor narxlaridan ham yuqori. Masalan, Moskvadagi «Pyatyorochka» do‘konida, do‘kon ijarasi, tashish va xizmatchilar uchun xarajatlar chiqarib tashlanganida 1 kilogramm piyoz bahosi 26 rubldan sotiladi, katta miqdordagi mahsulotlar uchun ko‘tarasiga buyurtma beradigan Rosgvardiya esa piyozning 1 kilogrammini 37 rubldan sotib olmoqda.