O‘zbekiston | 11:30 / 15.09.2018
37212
4 daqiqa o‘qiladi

Pora beruvchilarga qarshi «jang» davom etmoqda. Toshkent viloyatida IIB xodimiga pora taklif qilgan shaxs ushlandi

14 sentabr kuni Toshkent viloyatida IIB xodimiga pul taklif qilgan fuqaro ushlandi.

Ma'lum qilinishicha, shu yilning 27 avgust kuni soat taxminan 02-10larda Namangan viloyati, Namangan shahrida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro U.S. boshqaruvida bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomashinasida Ohangaron shahri hududidan o‘tgan «Guliston–Bo‘ka–Angren – Qo‘qon-Andijon-O‘sh» avtomobil yo‘lining 132-chaqirimida yo‘lning chap tarafidan o‘ng tarafiga beton to‘sig‘i orqali oshib o‘tayotgan fuqaro, Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan fuqaro N.Z.ni urib yuborgan. Natijada N.Z. olingan tan jarohatlari bilan hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 27 avgust kuni Ohangaron shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro U.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

14 sentabr kuni taxminan soat 08-30larda o‘zini haydovchi U.S.ning otasi deb tanishtirgan, Namangan viloyati Namangan shahrida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro M.A. tergovchi X.F.ning xizmat xonasiga kirib, o‘g‘li U.S.ga jinoyat ishi bo‘yicha yengillik qilishi, avtoulovni jarima maydonchasidan chiqarish, haydovchilik guvohnomasidan mahrum etmaslik va o‘g‘liga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik evaziga pora tariqasida 200 AQSh dollari berishni taklif qilgan.

Holat yuzasidan IIB tergovchisi X.F. o‘z rahbariga axborot berib, pora taklif qilgan fuqaro M.A.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shundan so‘ng, shu kuni Toshkent viloyati IIB tezkor xodimlari hamda Ohangaron shahar prokuraturasi xodimlaridan iborat tezkor guruh tomonidan fuqaro M.A. IIB tergovchisi X.F.ga 200 AQSh dollarini pora tariqasida berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etish kerakki, so‘nggi vaqtlarda militsiya xodimlari ularga taklif qilingan porani olmay, pora taklif qilgan odamlarni tutib berayotgani haqida xabarlar ko‘paygandi. Ma'lum bo‘lishicha, pora taklif qilgan shaxslarni tutib bergan organ xodimlariga moddiy va ma'naviy rag‘batlantirishlar, hatto lavozimlar va'da qilingan. Xususan, Buxoroda pora berishga uringan fuqarolarni ushlab bergan YPX xodimlari mukofotlangan.

Ma'lumot uchun, Pora berish jinoyati (JK 211-modda) xuddi pora olish bilan bir xil jazolanadi.

Jazo tayinlashda pora miqdori ham ahamiyatli.

Masalan, taxminan 7 ming dollargacha (300 minimalka) bo‘lgan pora bergan shaxsga maksimum 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Taxminan 7 mingdan 12 ming dollargacha (300-500 minimalka) pora bermoqchi bo‘lganga 5 yildan 10 yilgacha berilishi mumkin.

Pora 12 ming dollardan oshsa, 10 yildan 15 yilgacha «kesilishi» mumkin.

Endi bir jihati bor. Agar amaldorni o‘zi pora so‘rab tovlamachilik qilgan bo‘lsa va majburlikdan pora bergan shaxs 30 kun ichida o‘z ixtiyori bilan xabar bersa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.

Mavzuga oid