Roppa rosa to‘rt yil muqaddam — 2014 yilning 15 sentabrida qolipli non — «buxanka»ning narxi 8 foizga, 600 so‘mdan 650 so‘mgacha oshirilgan va shuncha vaqtdan buyon o‘zgarishsiz kelayotgan edi.
2018 yil 13 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №731-sonli qarori qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining ushbu qaroriga ko‘ra, 2018 yil 15 sentabrdan boshlab qolipli nonni talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi bo‘yicha sotish hamda «O‘zdonmahsulot» AK korxonalari tomonidan spirt ishlab chiqaruvchilar va chorvachilik (parrandachilik, baliqchilik) korxonalariga don, shuningdek, oliy navli bug‘doy unini birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotish, 1 kg 1-nav bug‘doy uni uchun ulgurji sotish narxini 1400 so‘m miqdorida belgilash (1 noyabrgacha buni ham bekor qilish) tartibi joriy etildi.
Yodingizda bo‘lsa, KUN.UZ 2017 yilning dekabr oyida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tuman dehqon bozorida qolipli non 1250 so‘mdan sotilayotgani holatini o‘rganib qaytgan edi.

O‘shanda biz ekspertlarning biridan mazkur holatga izoh berishni so‘ragandik va u shunday javob qilgan edi:
«Bu masala juda ko‘p va chuqur o‘rganib chiqilgan. Oldini olish juda qiyin bo‘layapti. Avvalo, 650 so‘mdan sotilishi kerak bo‘lgan 500 grammlik buxanka nonning qimmat sotilishiga sabab —o‘zimizda ishlab chiqarilgan va non pishirish uchun davlat narxida taqdim etilayotgan 1 qop (50 kg) unning narxi 52.500 so‘mligi, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgani esa bozorda 125 ming so‘mligidir.
O‘zimizda ishlab chiqarilgan 500 grammli qolipli nonning 1 donasini 650 so‘mdan sotishlari kerak. Agar o‘zimizda ishlab chiqarilgan va qolipli non (buxanka) uchun mo‘ljallangan, qopi 52,5 ming so‘mlik un sotib yuborilsa qopi 95-100 ming so‘mga sotiladi. Shuni non qilib pishirib sotsa, hech narsa cho‘ntagiga qolmaydi. Shu sababli davlat tomonidan arzon narxlarda taqdim etilayotgan unni yo qopi bilan qimmatroq sotishadi yoki undan tayyorlangan 650 so‘mlik nonning narxi qimmatroq qilinadi.
Bu yerda xuddi valyuta konvertatsiyasi, benzin narxi bilan bog‘liq vaziyatga o‘xshash holat ro‘y bermoqda. Unning davlat tomonidan taqdim etiladigan va bozor narxi o‘rtasida 2 barobar farq bo‘lganidan so‘ng, o‘z-o‘zidan chayqovchilik va qing‘ir ishlarga zamin paydo bo‘layapti-da. Bunga qarshi na soliqchi, na boshqasi kurasha olmaydi.

















