16:58 / 06.10.2018
32892

Toshkent shahrining ikki tumaniga yangi hokim tayinlandi

2018 yilning 6 oktabr kuni Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilgan. 2016 yildan buyon Yakkasaroy tuman hokimi sifatida ishlab kelayotgan Sarvar Toshmatovich Mahametov Chilonzor tumani hokimi etib tayinlandi.

Sarvar Toshmatovich Mahametov

Ma'lumot uchun, Sarvar Mahametov 1977 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 1999 yil Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan. 2010 yilda - Bektemir tumani hokimi, 2016 yildan - hozirgi vaqtgacha Yakkasaroy tumani hokimi sifatida ishlab kelgan.

Mahametov yangi lavozimda bundan oldinroq Toshkent shahri hokimining Arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan Davron Hidoyatov o‘rnida ish boshlaydi.

2018 yilning 6 oktabr kuni Xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashining ham navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Cessiyada tashkiliy masala ko‘rilgan. Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti direktori sifatida ishlab kelayotgan Baxtiyor Abduvaxitovich Shomurodov Yakkasaroy tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Baxtiyor Abduvohidovich Shomurodov 

Ma'lumot uchun, Baxtiyor Shomurodov 1978 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 1999 yil Toshkent davlat agrar universiteti va 2002 yil Soliq akademiyasini tamomlagan. 2017-2018 yillarda - Sergeli tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2018 yil - Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti direktori.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Chilonzor va Yakkasaroy tumanlariga yangi hokimlar tayinlanishi xabar berilgandi. «Kun.uz» Toshkent shahri hokimligidagi manbasi Yakkasaroy tumani hokimi Sarvar Mahametov Chilonzor tumani hokimi lavozimiga o‘tkazilishini bildirgandi.

Bundan avval Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov Yunusobod tumaniga yangi hokim etib tayinlangani ma'lum bo‘lgandi.

Top