O‘tgan 2017 yil 16 noyabrida Kun.Uz saytida “Qishloq hayoti. Soy suvini ichishga majbur bo‘layotgan nurotaliklar”, uning uzviy davomi sifatida oradan 3 oy o‘tgach, joriy yil 19 fevralida “Qizilchada 3 oydan so‘ng nima o‘zgardi? Hech narsa o‘zgarmadi” sarlavhadagi navbatdagi maqola e'lon qilingan edi.

Ularda Navoiy viloyati Nurota tumani Qizilcha qishlog‘i aholisini qiynab kelayotgan masalalar, xususan, 5,5 mingga yaqin kishi istiqomat qilayotgan katta qishloqni ichimlik suvi bilan ta'minlash, doimiy ishlaydigan dehqon bozori qurish, maktabni ta'mirlash, qishloq vrachlik punktida qariyalar uchun hech bo‘lmaganda 5-6ta statsionar (kunduzgi) koyka tashkil etish, maktabgacha ta'lim muassasasi qurish, Qizilchadan Navoiy shahrining Yangibozoriga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish kabi muammolar yoritilgan edi. Bu masalalarda tuman hokimi Jamoliddin Hamroyev fikri ham eshitilgan, tuman rahbari ushbu muammolar hal etilishiga va'da bergandi.
Tahririyat muxbiri oradan salkam bir yil o‘tganini inobatga olgan holda, ushbu qishloqqa yana bir karra borib, OAVda e'lon qilingan muammolar yechimi qanday hal etilayotganiga qiziqdi. Qayd etish joizki, Qizilcha MFYga navbatdagi tashrifimiz 2-sektor rahbari Faxriddin Norovning hududdagi 22-o‘rta maktabda mahalla faollari bilan yig‘ilishga to‘g‘ri keldi. Unda qishloqda ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash maqsadida skvajina (tik quduq) qazish, QVPni ta'mirlash, suv minorasi o‘rnatish hamda quduq hajmiga doir masalalar muhokama qilindi.
Youtube'da ko‘rish
Facebook'da ko‘rish






















