Sport | 00:02 / 27.12.2018
51883
4 daqiqa o‘qiladi

Og‘ir atletika federatsiyasi rahbari Ruslan Nuriddinovning doping tufayli chetlatilishiga izoh berdi

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov London-2012 Olimpiadasida ishtirok etib, -105 kg vazn toifasida to‘rtinchi o‘rinni olgan Ruslan Nuriddinovning doping testi uchun namunasi qayta tahlil qilinganida ijobiy natija bergani yuzasidan izoh berdi.

«Bu – sportda uchrab turadigan holat. Sportchini qanchalik asramaylik, ovqatlanishi-yu, turmush tarziga qanchalik e'tibor qaratmaylik, baribir bunday hollar kuzatilib turadi. Nega unday deyapman? Chunki Ruslan Nuriddinov bu yilning o‘zida 6 marotaba doping tekshiruvidan o‘tdi, ularning barchasida natija «toza» chiqdi. Boshqa sportchilarimiz ham shu jumladan», – deydi Mahmudov Kun.uz bilan suhbatda.

Mutasaddining ma'lum qilishicha, 6 yil oldingi musobaqada Nuriddinovning qonida testosteron miqdori me'yoridan ortiq bo‘lgani aniqlangan. Kishi muayyan oziq-ovqatlarni iste'mol qilganda ham uning tanasida erkaklik gormoni sanaluvchi modda miqdori ortishi kuzatiladi, bu esa doping testi ijobiy natija berishiga olib kelishi mumkin.

«Tabiiyki, testosteron miqdori past odamdan sportchi chiqmaydi. Bizga kelgan xatda Nuriddinovda bu gormon belgilanganidan qanchaga ko‘p chiqqani aytilmagan, faqat me'yordan oshiqligi aniqlandi, deyilgan. Xalqaro Antidoping Agentligi belgilagan tartibga asosan, doping tekshiruvi uchun olinadigan tahlil namunalari 10 yil davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin», – dedi Shahrillo Mahmudov.

Mahmudovning aytishicha, ularga yo‘llangan xatda Nuriddinov qancha muddatga musobaqalardan chetlatilganiga ham aniqlik kiritilmagan. Bu muddatning oydinlashishi uchun 3-6 oy vaqt talab etiladi. Ana shundan so‘ng, bir yoki ikki yillik diskvalifikatsiya qo‘llanishi mumkin.

«Agar testosteron miqdorining yuqori chiqqani bilan bog‘liq vaziyatni ijobiy asoslay olsak - uning oilali ekani, urolog-mutaxassis xulosasi va boshqa shu kabi faktlar yordamida - chetlatish muddati qisqaroq bo‘lishiga erishishimiz mumkin. Bu arbitraj sudi orqali hal bo‘ladi. Lekin baribir diskvalifikatsiyadan qochib bo‘lmaydi, doping aniqlangan vaziyatda shu paytgacha chetlatish bo‘lmagan hollar ro‘y bermagan va bundan keyin ham bo‘lmasa kerak.

Qoidalardan kelib chiqib, hozirgi vaziyatda chetlatish muddati maksimal 2 yil, kamida 6 oyni tashkil qilishini aytishim mumkin» – dedi Mahmudov.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, og‘ir atletikada sportchining optimal yoshi sifatida 23-27 yoshlar orasini ko‘rsatish mumkin. 30 yoshga borib, aksariyat tosh ko‘taruvchilar o‘sishdan to‘xtaydi va faqat o‘sha yoshga qadar chiqa olgan darajasini ushlab qolishi mumkin. Ma'lumot uchun, Ruslan o‘tgan oyda 27 yoshini qarshi oldi.

Eslatib o‘tamiz, Nuriddinovning sportdagi asosiy yutuqlari London Olimpiadasidan keyingi davrga to‘g‘ri keladi. U 2013 yilda jahon chempionligiga erishgan, hozirga qadar ikki marotaba Osiyo chempioni bo‘lgan. 2014 yilda jarohat olib, bir yildan oshiqroq vaqt musobaqalarda qatnasha olmagan, so‘ng 2016 yili Rioda olimpiya o‘yinlari rekordini o‘rnatgan holda oltin medalga sazovor bo‘lgan edi. Ruslan 2018 yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida ham turnir rekordini yangilab, tengsiz bo‘ldi.

Mavzuga oid