Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom yangi tahrirda tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish to‘g‘risida guvohnoma bekor qilingan. Ro‘yxatga olish tegishli yozuvni ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va ular bilan tuzilgan bitimlar davlat reyestriga elektron shaklda kiritish bilan amalga oshiriladi.

Bunda dastlab shu sanaga rejalashtirilgan idoralararo hamkorlik tartibini (hokimliklar, notariuslar, Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar to‘g‘risidagi, shu jumladan, ushbu huquqlarning vujudga kelishi, o‘tishi, cheklanishi va bekor qilinishi haqidagi axborotning taqdim etilishi) joriy etish 2019 yil 1 fevralga ko‘chirildi. Shu muddatda maxsus axborot-dasturiy kompleksni ishlab chiqishlari va ishga tushirishlari kerak.
 
Bu jihatlar yangi hujjatda aks ettirilgan. Shuningdek, ilgarigi tahriri bilan solishtirganda hujjatga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
 
birinchidan, ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yagona qoidalari belgilandi. Ilgari yuridik va jismoniy shaxslar (tadbirkorlik sub'yektlaridan tashqari) to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari hududiy filiallariga, tadbirkorlik sub'yektlari esa – Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishgan.
 
Endi esa sub'yektlarni toifalar bo‘yicha bo‘lish nazarda tutilmayapti: har biri ko‘chmas mulk joylashgan joy bo‘yicha Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin. Qarz beruvchiga (yuridik yoki jismoniy shaxs) bank tomonidan beriladigan garov xati - ko‘chmas mulk garovga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi qarzlik guvohnomasi istisno hisoblanadi. Bu holatda yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari hududiy filiallariga murojaat qilish zarur.
 
ikkinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarga Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri ma'lumotlaridan erkin foydalanish imkoniyati beriladi. Davlat reyestri - ko‘chmas mulk obektlari va ularga bo‘lgan ro‘yxatga olingan huquqlar to‘g‘risida davlat tomonidan kafolatlanadigan rasmiy axborot manbasi. Undan hamma erkin foydalanishi uchun u Internet tarmog‘iga joylashtiriladi.