23 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror loyihasi bo‘yicha Davlat test markazi va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qaror loyihasida o‘tgan yil va undan oldingi davrda o‘qishni tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida to‘lovni amalga oshirish tartibi taklif etilmoqda.
Ma'lumot uchun, 2018-2019 yil Oliy ta'lim muassasalarining 82 900 nafar o‘ringa jami 679 979 nafar abituriyent hujjat topshirgandi. 597 079 abituriyent esa kirish imtihonlaridan o‘ta olmagan.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda eng kam oylik ish haqi 202 730 so‘m hisoblanadi. Bu holatda Oliy ta'lim muassasasiga ikkinchi yoki boshqa urinishda hujjat topshirayotgan abituriyentlardan jami 121 mlrd. so‘m (14 mln. 240 ming AQSh dollari) to‘lov undirilishi mumkin. Abituriyentlarning umumiy kontingenti esa 1 mln. 300 ming nafarni tashkil etadi. Ulardan 80 mingdan ziyod abituriyent talaba bo‘lgan holda ham bu raqamlarning sezilarli ravishda o‘sishi demakdir – umumiy kontingentdagi o‘qishga kira olmagan abituriyentlardan jami 247,3 mlrd. so‘m (29 mln. AQSh dollari) yig‘ib olinishi mumkin bo‘ladi.
Loyihada kirish imtihoni jarayonidan tushgan mablag‘lar binolarning ijara to‘loviga, katta quvvatli konditsionerlar, shaxsni aniqlash va kuzatish kamerasi, ota-onalar uchun monitorlar bilan jihozlashga hamda abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan ta'minlashga yo‘naltirilishi to‘g‘risida so‘z boradi.
Kun.uz muxbiri Davlat test markazi direktori Majid Karimovga taklifning shaffofligi, ochiq smeta to‘g‘risida savol berdi.
Davlat test markazi direktori bu holatga shunday izoh berdi:

«Ko‘p yillar davomida budjetdan tashqari mablag‘lar va homiylar hisobidan moddiy-texnik baza mustahkamlab kelingan.
Abituriyentlardan yig‘ib olinadigan to‘lovlarning nazorati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Moliya vazirligi tomonidan olib boriladi. Yig‘imlarning nimaga yo‘naltirilishi Davlat test markazi saytida e'lon qilib boriladi.
2018-2019 o‘quv yilida shartnoma asosida o‘qishga kirgan talabalarning to‘lovlaridan 1,5-2 foizini olishga erishdik. Bu mablag‘lar bilan ham jarayonlar sarfini qoplay olmadik.









