O‘zbekiston | 17:14 / 27.03.2019
18952
2 daqiqa o‘qiladi

Shermatov: «Hali kosmosga uchish haqida gapirmay qo‘ya qolaylik, avval maktablardagi toza suv va isitish muammosini hal etib olaylik»

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq muammolar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda agentlik.

“Respublikadagi eng katta ish beruvchi davlat tashkiloti Xalq ta'limi vazirligi hisoblanadi, – dedi vazir Sherzod Shermatov. – Maktablarni bilimli va malakali o‘qituvchilar bilan ta'minlash, pedagog kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish asosiy vazifamizdir. Hozir tizimdagi o‘qituvchilarning 62 ming nafari o‘rta maxsus ma'lumotli. Biroq sohadagi islohotlar va jamiyatda o‘qituvchi maqomining ko‘tarilishi natijasida 37 ming nafar oliy ma'lumotli o‘qituvchi maktablarga qaytib keldi”.

Vazir OAV vakillari savollariga javob berar ekan, mamlakat hududlarida joylashgan umumta'lim maktablaridagi ahvol hamon achinarli ekanini ta'kidladi.

“O‘zbekistondagi maktablarning to‘rtdan birida suv yo‘q, – dedi Sherzod Shermatov. – Mingdan ziyod maktab hamon “burjuyka” pech orqali isitiladi. Chegara hududlarda joylashgan maktablarda xavfsizlik nol darajada. Biz hali robototexnika yoki kosmosga uchish haqida gapirmay qo‘ya qolaylik, avval maktablardagi toza suv va isitish muammosini hal etib olaylik”.

Ta'lim muassasalaridagi mavjud kamchiliklar, o‘qitish tizimida yo‘l qo‘yilayotgan nuqsonlarning oldini olish, o‘quvchilardan asossiz pul yig‘ishlarni to‘xtatish maqsadida maktablarda Kuzatuv kengashlari tuzilayotgani ma'lum qilindi. Kengash tarkibi asosan ota-onalardan iborat bo‘lib, ular direktor faoliyatini nazorat qiladi. Bu loyihaga Angliyadagi School Board tajribasi ilhom bergani qayd etildi.

Mavzuga oid