25 aprel kuni Ukraina Oliy Radasi «Ukrain tilining davlat tili sifatida faoliyat yuritishini ta'minlash» to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu qonun yaqin orada vakolatlarini topshiradigan amaldagi prezident Petro Poroshenko uchun juda muhim edi, qonun loyihasini tayyorlash jarayoni bir necha oy vaqt oldi - deputatlar qonunni Poroshenko ketishidan oldin qabul qilishga ulgurishdi.
Qonun loyihasi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Uning tarafdorlari fikricha, qonun ukrain tili rivojini ta'minlaydi, qarshilar esa bu qonun boshqa tilda so‘zlashuvchilarni kamsitishidan e'tiroz bildirishdi.
Qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayonida, uni birinchi o‘qib chiqish vaqtida ko‘plab deputatlar loyihani qayta ishlash zarurligini bildirishdi. Ikkinchi o‘qishgacha deputatlar 2 mingdan ortiq tuzatishlar tayyorlashdi.
Qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayoni Ukrainadagi prezidentlik saylovlarining birinchi turidan avval boshlangandi. 21 aprel kuni, saylov natijalari ma'lum bo‘lgach, Petro Poroshenko agar deputatlar yaqin vaqt ichida qonun loyihasini ma'qullashsa, davlat tili haqidagi qonunni imzolashini bildirdi.
Ukraina prezidentligi uchun saylovda g‘olib chiqqan Volodimir Zelenskiy bu qonunga uni o‘qib chiqqanidan keyin munosabat bildirajagini aytdi. «Prezident sifatida lavozimga kirishganimdan keyin bu qonunni sinchiklab o‘rganib chiqaman, unda Ukrainaning barcha fuqarolarining konstitutsion huquqlari ta'minlanganiga amin bo‘lishim kerak. Davlat ukrain tilini hech qanday taqiqlarsiz va jazolarsiz rivojlantirishi kerak», degandi Zelenskiy.
Prezident bu qonun qabul qilinishi ortidan feysbukdagi sahifasi nomlanishini Vladimir Zelenskiydan Volodimir Zelenskiyga o‘zgartirdi.
Qonunni ko‘rib chiqish kunida Oliy Rada binosi oldida tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlovchilar miting uyushtirishdi.

Deputatlar qonuni qabul qilishdi - 278 nafar deputat «ha» dedi.

Radaning madaniyat va din masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Nikolay Knyajinskiy ma'lum qildiki, qonun loyihasi «ikkinchi o‘qishga tayyorlangan loyihadan juda ham ko‘p farq qilmaydi».


















