O‘zbekiston | 04:36 / 03.08.2019
45270
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Navoiy shahridagi arzon turarjoylar narxi oshganini tanqid ostiga olgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.

YouTube

Tas-IX audio

Mazkur videoselektorda prezident Navoiy shahrida qurilgan ijtimoiy turar joy binolarining narxidan norozi aholi murojaatiga ham to‘xtalib o‘tgan:

— Internetdagi izohlarni o‘qiymiz: Navoiy shahrida ijtimoiy turarjoylarni qurish bo‘yicha dastur doirasida 2018 yilda 16 ta yetti qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Kvartiralar imtiyozli ipoteka kreditlari evaziga kam ta'minlangan oilalarga berilgan. Yanvar oyida bank va quruvchi shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqishi oqibatida 2 xonali kvartiralarning narxi 25 million so‘mga, 3 xonaligining narxi esa 47 million so‘mga oshgan. Bu kvartira egalarining e'tiroziga sabab bo‘ldi va prezidentga jamoaviy murojaatga olib keldi.

Qobil [Tursunov — Navoiy viloyati hokimi], bu nima degan gap yana? Bu nima «o‘yin» yana menga?

— Muhtaram prezident, haqiqatdan ham o‘tgan yili shunday holat bo‘ldi. Biz shahardagi mana shu 10 ta uy bo‘yicha dastlabki qurilishda dastlabki narxini bergandik, keyin qarordan keyin ikkinchi narx va masala kelib chiqdi. Muhtaram Shavkat Miromonovich, men uzr so‘rayman bu bo‘yicha. Biz to‘rtta sektor rahbarlari bilan borib qurilish masalalari bo‘yicha orasini ochdik… — dedi Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov.

— Agar prezident siyosatini o‘tkazaman deb qurilishni boshlagan bo‘lsang, o‘zingning oyligingdan to‘lab bo‘lsa ham odamlarni rozi qil. O‘sha quruvchiga ayt: sen bir yil shunday qilgin, kelgusi yil foydang bilan chiqasan. Darrov u quruvching bir yilda boy bo‘lishni o‘ylamasin. Mana, Sirg‘alida qanday gaplar chiqib ketdi?!

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Men uy qurib, sizlarga o‘xshagan noinsoflar bilan ishlaganim uchun O‘zbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayapsizlar. Ermanov, G‘aniyev, Ro‘ziyev va shunga o‘xshagan odamlar, — degan selektorda prezident Sh.Mirziyoyev.

Mavzuga oid