Xususiylashtirilgan yer uchastkalaridan soliq olinmaydi
Adliya vazirligi “Qonunchilikdagi yangiliklar” nomli brifing va matbuot anjumanini tashkil etdi. Matbuot anjumani “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni bo‘yicha o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida soha mutaxassislari tomonidan Qonunda nazarda tutilgan tartiblar va yangiliklar bo‘yicha ma'lumotlar jurnalistlarga yetkazildi.
Xususan, Qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
doimiy foydalanish (egalik qilish) yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish;
yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish.
O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan jismoniy shaxslar va O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin.
Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:
xususiylashtirilmaydigan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik obektlar joylashgan yer uchastkalari;
rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari;
tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari;
o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar);
xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;
erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari.
Tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar tomonidan soha mutaxassislariga “boshqa hududda doimiy yashovchi fuqarolar tomonidan Toshkent shahridan yer uchastkalarini xususiylashtirib olishi mumkinmi?”, “Chet el investorlari yer uchastkalarini xususiylashtirib olishi mumkinmi?”, “Xususiylashtirilgan yer uchastkalaridan soliq olinadimi?” kabi savollar bilan murojaat qilishdi.
Soha mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur Qonunga ko‘ra yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan xususiylashtirilib olingan yer uchastkalaridan soliq olinmaydi. Shuningdek, mazkur Qonunning ijrosi bo‘yicha qonunosti hujjatlar ham qabul qilinishi hamda amalga oshirish mexanizmi yaratilmoqda.
Mavzuga oid
13:31
Kaspi.kz «Humo» to‘lov tizimini xususiylashtirishdagi ishtirokini to‘xtatdi
20:00 / 13.11.2024
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
10:19 / 08.11.2024