O‘zbekiston | 22:07 / 13.12.2019
5047
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning aksariyati AES va radiatsiya xavfi haqida tushunchaga ega emas – senator

Senator Farrux Dadaxo‘jayevning aytishicha, o‘zbekistonliklarning aksariyati AES, radiatsiya xavfi, uning qanday oqibatlarga olib kelishi haqida tushunchaga ega emas.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi rahbari bu haqda qo‘mitaning 13 yanvar kungi yig‘ilishida so‘z yuritdi.

«Ertaga quriladigan atom elektr stansiyasi sog‘liqni saqlash, xalq xo‘jaligi, axborot-texnologiyalari – hamma sohani ichiga olgan keng tarmoq. Hozir xalqimizning aksariyati atom energiyasi nimaligini, radiatsiya xavfi nimaligini, u nimalarga olib kelishini umuman tushunmaydi. Jamoatchilikka bu narsalarni yetkazish kerak», – deya Dadaxo‘jayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mita raisi AES qurilishida ishlovchilarning hammasini ham xorijdan olib kelavermaslik kerakligini, mahalliy mutaxassislardan, ayniqsa, AES qurilayotgan Forish tumani atrofida yashovchilarning mehnatidan unumli foydalanish zarurligini ta'kidladi.

«Qancha odam ishlaydi AES qurilishida? Olti mingmi? Shundan besh mingi chetdan kelsa kerak, ularning hammasi dollarda oylik oladi. To‘g‘rimi? Uning o‘rniga o‘zimiznikilarni ishlatsak bo‘lmaydimi?» – dedi u.

Bunga javoban «O‘zatom» agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov AES qurilishida 8000 nafar mutaxassis ishtirok etishini, shundan ko‘pi bilan 1000-1500 nafari xorijdan taklif qilinishi, qolganlari mahalliy ishchilar bo‘lishini aytib o‘tdi.

Farrux Dadaxo‘jayev xorijlik mutaxassislarga to‘lanayotgan pullarni imkon qadar O‘zbekistonda olib qolish, buning uchun Forishda ularning qiziqishlariga mos ko‘ngilochar maskanlar, xorijliklarbop ovqatlar pishiriladigan restoranlar, zarur sharoit va infratuzilmani barpo etish kerakligi, buning ortidan ham qancha odam ishli, doimiy daromadli bo‘lishini qayd etdi.

Shuningdek, u bosqichma-bosqich mahalliy malakali ishchilarni tayyorlab borishni hozirdan boshlash keraklini urg‘uladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda AES qurilishi 2020 yil boshida boshlanadi. AES yaqinida 50 ming kishiga mo‘ljallangan atomchilar shahri qurilishi, stansiya so‘nggi avlod yadro reaktorlariga ega bo‘lishi va unda qandaydir avariyalar bo‘lishi ehtimoli umuman yo‘qligi ma'lum qilingan.

Mavzuga oid