12 dekabr kuni Toshkentda siyosiy partiyalar a'zolari va O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya elchilari hamda BMTning O‘zbekistondagi bosh koordinatori qatnashdi.

Tadbirda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot partiya vakillariga: «Siz hukumatning qaysi yo‘nalishdagi harakatlarini ko‘proq nazorat qilish muhim, deb hisoblaysiz? Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?» deya savol bilan murojaat qildi.

Oliy Majlis deputatligiga nomzodlarning mazkur savolga javoblari quyidagicha bo‘ldi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Nodir Tilavoldiyev:

– Ijroiya hokimiyatining faoliyati bo‘yicha bir qancha tanqidiy fikrlar yuribdi. Men bu fikrlarni o‘rinli deb hisoblayman. Ijro hokimiyatida haligacha eskicha fikrlaydigan odamlar juda ko‘p. O‘ylaymanki, joylardagi ijro hokimiyatlariga ham yangicha fikrlaydigan, ambitsiyasi yuqori, zamonaviy kadrlarni olib kelish vaqti keldi.

Bu narsa respublika darajasida boshlangan: hozir juda ko‘p vazirlarimiz, vazir o‘rinbosarlarimiz – yosh, g‘ayratli, chetda o‘qigan yigitlar. Viloyatlarda ham, tumanlarda ham kadrlar masalasiga e'tibor berib, salohiyatli, shijoatli, qadamidan o‘t chaqnaydigan yoshlarni olib kelishimizni xohlayman. Ana shunda biz joylarda ham o‘zgarish qila olamiz.

«Adolat» demokratik partiyasi vakili Oydin Abdullayeva:

– Parlamentimizda hisobdorlik tajribasi hozir keng qo‘llaniladi. Fikrimcha, bu narsa aynan madaniyat va ta'lim sohalarida kengroq qo‘llanilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki bu sohalarda muammolar yig‘ilib qolgan.

Fuqarolik jamiyati rivojlanishiga kelsak, biz mahalla fuqarolar yig‘inlariga ko‘proq huquq berishimiz kerak, ko‘proq erkinlik berishimiz kerak. Nodavlat-notijorat tashkilotlarga ham ko‘proq huquq va erkinlik bersak, shu yo‘nalishdagi ishlarimiz olg‘a siljigan bo‘lardi.