Saylov jarayonida amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, bu borada aniqlangan ayrim qo‘pol qonunbuzilishlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 23 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha 2ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Xususan, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a'zosi Bobur Xolmatovning murojaati tekshirildi. Tekshirishda Uchtepa tumani hokimligi tashkiliy–kadrlar guruhi rahbari Sherzod Nigmatov O‘zbekiston Ekologik partiyasi ichki ishlariga va saylov jarayoniga noqonuniy aralashgani aniqlandi.
Sherzod Nigmatov va Ekologiya partiyasining tuman Kengashi raisi Mahkamov bu partiyaga mansub bo‘lmagan 3 nafar shaxsni (O‘zLiDeP a'zosi Bobur Holmatov, «Adolat» partiyasi a'zosi Hulkar Yunusova hamda 2017 yildan beri AQShda yashab kelayotgan fuqaro Sanobar Azimova) ularning roziligisiz va xabarisiz Ekologik partiyadan Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatib, saylov hujjatlariga soxta ma'lumotlar kiritishgan», deya Nig‘matilla Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
22 dekabr kuni soat «Telegram» tarmog‘ida Sergeli tumanidagi 17-sonli uchastka saylov komissiyasida 9 dona saylov byulleteni bir shaxs tomonidan imzolanib, soxtalashtirilgani haqidagi videolavha tarqalgani, unda tumandagi 426-sonli saylov uchastkasida ovozlarni sanoqdan o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoniga nomzodlarning ishonchli vakillari va kuzatuvchilar kiritilmasdan, sanoqdan o‘tkazish alohida xonada amalga oshirilgani aks etgan edi.
Tadbirda ma'lum qilinishicha, Uchtepa va Sergeli tumanlarida sodir etilgan holatlar yuzasidan 23 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 146-moddasi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda Bosh prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Yana bir holat, Yashnobod tumani hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Qudrat Husanov 22 dekabr kuni tumandagi okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga noqonuniy aralashib, 30ta uchastka saylov komissiyalari raislariga saylovdan keyin zudlik bilan saylov bayonnomalarining qoralama nusxalari bilan yetib kelishni hamda bayonnomalarning asl nusxalariga biror yozuv kiritmaslik haqida noqonuniy ko‘rsatma bergani bilan bog‘liq.

















