«Toshkent-Andijon» pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi uchun PWC va Arup konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalari tomonidan dastlabki texnik iqtisodiy hisob-kitob hujjatlari tayyorlanmoqda. Bu haqda Davlat-xususiy sheriklik rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.

«O‘zbekiston yana bir pullik yo‘llar qurish loyihasini amalga oshirishi mumkin. «Toshkent — Andijon» pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasini ayni kunda konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar (Pwc, Arup) tomonidan dastlabki texnik iqtisodiy hisob-kitob hujjatlari tayyorlanmoqda. Ushbu kompaniyalar joriy yilning fevral oyi oxiriga qadar hujjatlarni taqdim etadi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, loyiha uzunligi 350-360 kilometr atrofida bo‘ladi. Asosan 4 yo‘lakdan iborat bo‘ladigan yo‘l qurish loyihasi respublika miqyosida yuqori iqtisodiy-ijtimoiy ta'sirga ega. Ushbu loyihani 3 bosqichda (1. Qamchiq avtomobil tonneli, 2. Toshkent–Angren yo‘li, 3. Qo‘qon–Andijon yo‘li) amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Loyihaning dastlabki moliyaviy va texnik hisob-kitoblari taqdim etilgandan so‘ng, Jahon banki bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, xalqaro standartlardan kelib chiqib, yo‘l qoplamasi sement yoki beton bo‘lishi, transport oqimi va yo‘l atrofida joylashgan obektlarga ta'siri va boshqa muhim texnik-iqtisodiy va tijoriy masalalar texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar jarayonida (2020 yil oktabr oyiga qadar) aniqlanishi lozim.

Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topilganda, tender hujjatlari tayyorlanib (2021 aprel oyiga qadar), tender bosqichlari amalga oshirilishi (2022 yil aprel oyiga qadar) hamda tender g‘olibi bilan 2022 yil aprel oyida davlat-xususiy sheriklik asosida bitim imzolanishi kutilmoqda.

Qurilish ishlari 2025-2026 yilgacha davom etadi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, Sirdaryo va Baxt shaharlarini aylanib o‘tuvchi pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha YeTTB bilan dastlabki muzokaralar olib borilmoqda. Loyihani amalga oshirish maqsadida YeTTB bilan  konsultatsion xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolanishi kelishib olingan. Hozirda YeTTB tomonidan shartnoma loyihasi tayyorlanmoqda. Loyiha uzunligi taxminan 19 kilometrni tashkil etadi. Ushbu loyiha «Toshkent–Samarqand» pullik avtomobil qurish loyihasi doirasida amalga oshirilishi yoki alohida loyiha bo‘lsa maqsadga muvofiqligi atroflicha o‘rganilmoqda.