Ushbu shifokor ayni vaqtda koronavirus avj olgan Italiya shimolidagi Lombardiya viloyatidan orolga ta'tilini o‘tkazish uchun kelgandi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab ushbu koronavirusdan zararlanganlar soni 80 ming nafardan oshib ketgan, qurbonlar soni 2700 nafarni tashkil qilmoqda. Zararlanish holatlarining aksari Xitoy hududida qayd etilgan.

Dushanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ehtimoliy pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma'lum qildi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu virusdan zararlanganlar orasida o‘lim holatlari 1-2 foizdan oshmayotgan bo‘lsada, tibbiyot xodimlari o‘lim darajasining haqiqiy ko‘rsatkichlari boshqacha bo‘lishi mumkinligini tusmol qilishmoqda.

Koronavirus Yevropaga tarqalmoqda, Italiya shaharlari karantinda. So‘nggi ma'lumotlar

Koronavirus avj olishi jahon iqtisodiyotiga zarar keltirishda davom etmoqda: London va Nyu-Yorkdagi holatlar ortidan Tokio birjalarida ham aksiyalar kursi keskin tushishi kuzatilmoqda.

Tenerifeda nima bo‘ldi?
Ispaniyaning El Pais nashri Kanar orollaridagi Tenerife shahri politsiyasi hamda tibbiy xizmatlardagi manbalarga asoslanib xabar berishicha, hudud janubiy-g‘arbida joylashgan to‘rt yulduzli H10 Costa Adeje Palace mehmonxonasining barcha mijozlarini tekshirish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Ushbu mehmonxona mijozlaridan biri feysbukdagi sahifasida xonasi eshigiga qistirib ketilgan qog‘oz suratini namoyish etdi. «Biz katta afsus bilan ma'lum qilamizki, tibbiy sababga ko‘ra ushbu mehmonxona yopildi. Siz hukumatning keyingi farmoyishiga qadar xonangizda qolishingiz kerak», deya yozilgan unda.

Ispaniyadagi nashrlarning yozishicha, ushbu farmoyishga rioya etilishi xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan nazorat qilinmoqda, ular mehmonxonadagilar tashqariga chiqishiga ruxsat berishmayapti.

Bi-bi-si muxbiri bilan gaplashgan mehmonlarning biri aytishicha, mijozlar mehmonxona ichkarisida harakatlanishiga ruxsat berilgan.

«Biz oyna orqali xavfsizlik xizmati xodimlari va mehmonxonaning o‘nlab xodimlarini mehmonxona darvozasi oldida yig‘ilib turgan holda ko‘rdik», deya boshqa bir sayyoh Kristofer Betsning so‘zlarini keltirmoqda Reyter agentligi.