Payshanba kuni ilk qurbon berildi - Britaniyaning Flybe aviakompaniyasi. Bu kompaniya anchadan buyon bankrotlik yoqasida qolayotgandi. Koronavirus so‘nggi tomchi bo‘ldi.

Boshqalar hozircha bardosh berishmoqda, ammo kundan kunga ularning boshi uzra ham qora bulutlar to‘planmoqda. Ikki haftagina oldin Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasi (IATA) virus epidemiyasi tufayli aviakompaniyalar ko‘radigan zarar miqdorini 30 mlrd dollarga baholagandi. 5 mart kuniga kelib esa bu raqamlar ikki barobar o‘sdi - 63 mlrd dollar.

Bu ham eng kamida. Agar virus tarqalishining oldi olinmasa, yo‘qotishlar dastlabki prognozdagidan ko‘ra to‘rt barobarga oshishi ham mumkin - 113 mlrd dollar.

«Vaziyat favqulodda murakkab. Voqealar shunday ssenariyda rivojlanmoqdaki, buning pretsedenti (o‘zidan keyin sodir bo‘ladigan xuddi shu turdagi voqealarga o‘rnak bo‘la oladigan voqea-hodisa) yo‘q. Qandaydir ikki oy ichida butun dunyoda ushbu sohaning istiqbollari keskin yomonlashdi», - degan IATA rahbari Aleksandr de Junyak.

Holbuki o‘n yillik yomon boshlanmagandi.

Dahshatli nolinchi yillar - AQShdagi teraktlar, SARS atipik pnevmoniyasi avj olishi, loukosterlar bilan narxlar bo‘yicha raqobat va 2009 yilgi moliyaviy inqirozdan keyin 2010-yillar aviakompaniyalar uchun haqiqiy renessans bo‘lgandi. Ular yangi yo‘nalishlar ko‘payib, narxlar pasaytirilishi evaziga o‘zini o‘nglab olgan, bunda boyiy boshlagan o‘n millionlab xitoyliklar dunyo bo‘ylab sayohatlarga otlanishi ham o‘z hissasini qo‘shgandi.

O‘sish davom etdi va barchasi ortda qolgandek edi. Savdo urushlari, breksit va boshqa geosiyosiy muammolar tufayli 2019 yilda kutilgan natijalarga erishilmagan bo‘lsa-da, bu soha baribir serdaromadligicha qolgan, 2020 yilda ham ishlar chappasiga ketishini hech kim kutmayotgandi. Balki akskincha.

Yangi yil arafasida IATA umidbaxsh prognoz berdi: jahon aviatsiyasi daromadlari 4 foizga o‘sib, 870 mlrd dollar ishlab olishi va deyarli 30 mlrd dollar sof daromad ko‘rishini kutayotgandi.

Ikki oy vaqt o‘tdi, endi gap daromad ko‘rish haqida emas, balki omon qolish haqida bormoqda.