Hujjat bilan ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan:

Soliq sohasida

  • 2020 yilning 1 aprelidan 1 iyuliga qadar turistik (mehmonxona) yig‘im hisoblash va undirish to‘xtatiladi;
  • Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarni sug‘orishda foydalanilgan suv resurslaridan foydalanganlik uchun hajmlar bo‘yicha soliq stavkalari 2020 yilda belgilangan stavkalarning 50 foiziga kamaytiriladi;
  • Jismoniy shaxslarning 2019 yil uchun yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020 yil 1 avgustgacha uzaytiriladi;
  • Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrgacha uzaytiriladi;
  • 2020 yil 1 apreldan jismoniy shaxslarning xayriya tashkilotlaridan moddiy manfaat ko‘rinishida oladigan daromadlari soliqqa tortishdan ozod etiladi;
  • Tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlariga faoliyati turizm sohasiga bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘iga belgilangan stavkani 30 foizga kamaytirish tavsiya qilindi.
  • Mahalliy hokimiyat organlari tadbirkorlik sub'yektlariga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini foizlarsiz 6 oyga kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini taqdim etadi. Bunda, ushbu soliqlarni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) soliq to‘lovchining arizasi va Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining hududiy boshqarmalari rahbarlarining xulosalari asosida boshqa hujjatlarni talab qilmasdan taqdim etiladi.

2020 yilning 1 aprelidan 1 oktyabriga qadar:

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foiziga kamaytiriladi;
  • alkogol mahsulotlari bilan ulgurji savdo qiluvchi korxonalarning ajratmalari 5 foizdan 3 foizga kamaytiriladi;
  • alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun umumiy ovqatlanish tashkilotlarining yig‘im miqdori belgilangan miqdordan 25 foizga kamaytiriladi.

2020 yil 1 oktyabrgacha:

  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzdorliklari uchun jarimalar qo‘llash to‘xtatiladi;
  • soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga mol-mulk, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovlari bo‘yicha penya hisoblanishini to‘xtatib turadi hamda soliq qarzlarini majburiy undirish choralarini ko‘rmaydi.