Qashqadaryo viloyatidagi «SULTON TEX GROUP» klasteri boshiga tushgan ko‘rguliklar haqida avval ham xabar bergan edik. Qarshi tuman hokimligi tumandagi fermerlarning klaster bilan ishlashiga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Hozir bu masala tuman ma'muriy sudida ko‘rilmoqda.

Bu orada Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva klasterning yana bir faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgani ma'lum qilindi.

Vaziyat shunday: fermerlar bilan ishlashiga yo‘l qo‘yilmayotgan klaster joriy mavsumda faqat o‘ziga tegishli 1300 gektar maydonda paxta yetishtirmoqda. Mazkur yerlarning 73,6 gektarida Qashqadaryo tarixida ilk marta tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Chunki «Nasaf» hududidagi mazkur yerda azaldan paxta yetishtirish mushkul bo‘lgan. Yerlar unumsiz, Qarshi magistral kanalidan nasosda ikki ko‘tarish bilan suv chiqarilgan.

Klaster 140 ming dollar sarflab, Turkiya texnologiyasi asosida mazkur yerlarda tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ayni paytda zamonaviy nasos stansiyasi qurilgan, magistral quvurlar yotqizilgan, yangi trasformator ulangan. Pushta oralarida rezina shlanglar yotqizilmoqda. Ulardan 5 yil davomida foydalanish mumkin. Xullas, ish qizg‘in.

Ushbu texnologiya joriy etilgach, dalalarga suv sarfi 90 foizga kamayadi. Boz ustiga, kanal suvi filtrlanib tozalanib, nasos stansiyasining o‘zida kerakli mineral o‘g‘itlar qo‘shilib, gidroponika usulida g‘o‘za niholi ostiga yetkaziladi.